Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

“Ilmga intilish ham vatanparvarlik”

19 Fevral 2024, 09:02

909

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida O‘zbekiston xalq shoiri, “Jadid” gezetasi bosh muharriri Iqbol Mirzo bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Taniqli ijodkor dastavval o‘quv dargohida amalga oshirilayotgan islohotlar, Yangi O‘zbekiston yoshlari uchun yaratilgan ulkan imkoniyatlarni ko‘zdan kechirdi. Yosh avlodni ilm-ma’rifatli qilish, kitob va adabiyotga oshno etish, buyuk ajdodlarimizning bebaho merosini o‘rganish yo‘lida olib borilayotgan ezgu ishlarni e’tirof etdi.

Akademiya rahbari bilan muloqot chog‘ida vatanparvarlik tarbiyasining dolzarb ahamiyati haqida so‘z bordi. Yangilanayotgan jamiyatimizda milliy o‘zligini anglagan, yuksak bilim va tafakkurga ega yoshlarni kamol toptirish ustuvor maqsadlardan biri ekanligi aytildi. Bu borada akademiyada yo‘lga qo‘yilgan ilg‘or yondashuvlar chinakam xalqparvar kadrlarni yetishtirishga xizmat qilayotgani qayd etildi. 

Shundan so‘ng “Jadid” gazetasi ijodkorlari ishtirokida “Ajdodlar merosi – millat xazinasi”  mavzuida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Iqbol Mirzo hozirgi murakkab davrda ma’rifatparvar bobolarimiz faoliyatini keng o‘rganish, hayotini yoshlarga ibrat sifatida ko‘rsatish ma’naviy ehtiyojga aylanganini alohida ta’kidladi.

– Bugungi avlod millatimiz fidoyilarini yozuvchi, shoir bo‘lganliklari uchun yaxshi biladi. Asarlarini mutolaa qiladi. Ammo ularning mustamlaka zulmi ostidagi ma’naviy kurashlarini teran anglamaydi. Abdulhamid Cho‘lpon millat adabiyotsiz yashay olmasligini va oxir-oqibat inqirozga yuz tutishini 16 yoshidayoq “Adabiyot nadir?” maqolasida baralla  aytgandi. Aslida, bu ulkan ma’naviy jasorat edi. Jadid bobolarimiz xalqni ma’rifatli, yurtni ozod qilaman, deb, o‘z hayotlarini qurbon qilganlar. Shuning uchun ham ulardan ma’naviy qarzdormiz. Biz yoshlarni ona Vatanimiz va xalqimizga sadoqatli insonlar etib tarbiyalasak, o‘ylaymanki, ajdodlarimizga munosib ish qilgan bo‘lamiz, – dedi u. 

Taniqli shoir muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan ta’sis etilgan “Jadid” adabiy, ilmiy-ma’rifiy va ijtimoiy gazetasiga ham to‘xtaldi. O‘tgan qisqa fursat ichida nashr xayrixohlari safi kengayib, jadid bobolarimiz g‘oyalarini targ‘ib qilish uchun ulkan adabiy maydon yuzaga kelgani ta’kidlandi. 

Uchrashuv davomida shoirning shonli tariximiz, Vatanimiz va insoniy fazilatlarni ulug‘lagan she’rlari tinglandi. Badiiy havaskorlik jamoalari tomonidan sahnalashtirilgan “Cho‘lpon” spektakli barchaga manzur bo‘ldi. Ijodiy hamkorlik yo‘lida akademiya axborot-resurs markazi fondiga Alisher Navoiyning “Xamsa” dostonlari tuhfa qilindi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech