Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Inson baxti oilada, oila esa ayol bilan mustahkam

7 Mart 2026, 19:18

95

Yangi O‘zbekistonda ayollar jamiyat va davlat hayotining muhim tayanchiga aylanib bormoqda. Ularning qadr-qimmatini yuksaltirish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar xalqaro miqyosda ham e’tirof etilmoqda.

Xotin-qizlar bayrami munosabati bilan IIV akademiyasida bo‘lib o‘tgan tadbirda turli jabhalarda samarali mehnat qilayotgan, ilmu ma’rifati va fidoyiligi bilan yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shayotgan ayollar sha’ni ulug‘landi.

Tantanali tadbirda akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni bayram bilan samimiy tabrikladi. Oqila ayollarimiz azal-azaldan oilaning mustahkam qo‘rg‘oni, mehr va sadoqat, matonat va fidoyilik timsoli bo‘lib kelgani, keyingi yillarda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani ta’kidlandi.

– Bugungi tahlikali zamonda yurtimizda hukm surayotgan osoyishta hayotning qadri tobora ortib bormoqda. Barchamiz shukronalik hissi bilan yashab, yoshlarimizni bilimli, vatanparvar inson etib tarbiyalashimiz, baxtli va farovon kunlar zamirida ulkan mashaqqatlar borligini ular ongiga singdirishimiz kerak. Bu esa avvalo yurtimizdagi barcha onalar, sizlar kabi ta’lim-tarbiya jonkuyarlarining zimmasida, – dedi akademiya boshlig‘i.

Bayram tadbirida ayollarning ijtimoiy-siyosiy mavqeini yuksaltirish, ularga g‘amxo‘rlik qilish, kursant qizlarga munosib ta’lim-tarbiya berish, salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratish ustuvor vazifalardan ekanligi aytib o‘tildi. Faoliyatida yutuqlarga erishayotgan bir guruh xotin-qizlar idoraviy mukofotlar va qimmatbaho sovg‘alar bilan rag‘batlantirildi.

– Xotin-qizlarga e’tibor jamiyat farovonligining poydevori sanaladi. Kuni kecha muhtaram Prezidentimiz “Yangi O‘zbekistonni ayollari hayotdan rozi bo‘lib, baxtli-saodatli yashaydigan mamlakatga aylantirish – mening eng katta niyatim”, deya alohida ta’kidlab o‘tdilar. Bu e’tirof barchamizni ruhlantirdi. Mehnatlarimizning yuksak darajada qadrlanayotgani qalbimizga cheksiz iftixor bag‘ishlab, yanada mas’uliyat bilan ishlashga undashi shubhasiz, – dedi Jinoyat-protsessual huquqi kafedrasi dotsenti, podpolkovnik Lola Rajabova.

Tadbir obod Vatanimizni, musaffo osmonimizni, munis va dilbar ayollarni madh etuvchi qo‘shiqlar bilan davom etdi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech