Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan IIV O‘quv-dala markazida “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida davra suhbati o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli shoira Abadan Turdimuratova, akademiyaning O‘zbek tili va xorijiy tillar kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamda kursantlar ishtirok etdi.
Uchrashuvda mustaqilligimizning tarixiy ildizlari, uch ming yildan ziyod bo‘lgan davlatchilik an’analarimiz, Vatan ozodligi yo‘lida jonini fido qilgan buyuk ajdodlarimiz, istiqlol tufayli erishgan yutuqlarimiz, O‘zbekistonning mustaqil davlat sifatida rivojlanishi haqida so‘z bordi.
Istiqlol xalqimizga o‘z taqdirini o‘zi belgilash, milliy qadriyatlarimizni tiklash, ona tilimiz, boy tariximiz va unutilayotgan merosimizni asrab-avaylash imkonini bergani, o‘tgan o‘ttiz besh yil tarix uchun qisqa davr bo‘lsa-da, jamiyatimiz hayotida ro‘y bergan keng ko‘lamli o‘zgarishlar nuqtai nazaridan asrlarga tatigulik yillar bo‘lgani e’tirof etildi. Ajdodlarimizning yurt va millat taqdiri yo‘lidagi kurashlari, ma’naviy jasorati, vatanparvarligi va fidoyiligi bugungi avlod uchun ibrat ekanligi ta’kidlandi.
Tadbir davomida ona Vatanimizni madh etuvchi she’rlar yangradi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati