IIV akademiyasida oliy o‘quv muassasalariga o‘qishga kirish uchun imtiyoz beruvchi tavsiyanomalarni topshirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda akademiya rahbariyati, shaxsiy xavfsizlik bo‘yicha mas’ullar, professor-o‘qituvchilar va xodimlar ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar ichki ishlar organlari tizimida xodimlar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ta’kidlab o‘tishdi. Imtiyozli tavsiyanomalar mamlakatimizning ertangi kuni bo‘lmish yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ta’lim olishi va kasb egallashi uchun ko‘maklashishda mustaham tayanch bo‘layotgani aytildi.
Shu kuni sohadagi ko‘p yillik xizmat faoliyati davomida qonun ustuvorligi va huquq-tartibotni mustahkamlash, tizim uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh xodimlarga farzandlarining o‘qishga kirishi uchun imtiyoz beruvchi tavsiyanomalar tantanali ravishda topshirildi.
Tadbirda rag‘batlantirilgan xodimlar so‘z olib, davlatimizning yuksak ishonchini munosib oqlashga, ona Vatanimiz tinchligi va xalqimiz farovonligi yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilishga, farzandlarini yurt koriga yaraydigan, bilimli, mard va vatanparvar shaxs sifatida tarbiyalashga va’da berdilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati