Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Jinoyatchilikni jilovlash: tizim samara bermoqda

26 Iyun 2026, 22:19

21

Joriy yilning o‘tgan besh oyi mobaynida Qibray tumanidagi “Zebiniso” mahallasida birorta ham jinoyat qayd etilmadi. Bunga aholi bilan manzilli ishlash, hududlarda jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan izchil chora-tadbirlar natijasida erishildi.

Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov mazkur mahallada bo‘lib, davlatimiz rahbarining “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Aytish joizki, bugungi kunda mahallada akademiyaning tajribali professor-o‘qituvchilari tomonidan o‘rganishlar olib borilmoqda. Ishchi guruh vakillari hududga biriktirilgan mas’ullar va “mahalla yettiligi” bilan birgalikda kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillarni ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida bartaraf etish choralarini ko‘rmoqda.

Hamjihatlikdagi ishlar natijasida shu kungacha mahalladagi 450 dan ortiq xonadon o‘rganildi. Ijtimoiy profilaktika obyektlariga nisbatan 73 ta xulosa rasmiylashtirilib, “mahalla yettiligi”ga yo‘naltirildi. Sayyor qabullar va mehnat yarmarkalari davomida 38 nafar fuqaroning muammosi hal etilib, yana 30 nafar kishi ish bilan ta’minlandi. Nizoli xonadonlar alohida nazoratga olinib, ajrim yoqasidagi oilalar yarashtirildi. “Jinoyat o‘choq”lari va huquqbuzarlik sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan joylarga qo‘shimcha kuch-vositalar jalb qilindi.

Akademiya boshlig‘i tuman hokimligi va prokuratura tizimi mutasaddilari, ichki ishlar organlari rahbarlari, mahalla faollari bilan muloqot qilib, dolzarb vazifalar ijrosi yuzasidan fikr almashdi. Mahallada xavfsiz muhit yaratish, aholi muammolarini hal etish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, hududlarga yangi tajribalarni joriy qilish borasidagi ishlar taqdimoti bilan tanishdi.

Uchrashuvda manzilli o‘rganishlarni jadallashtirish, “yo‘l xarita”da belgilangan vazifalarni sifatli bajarish, ijtimoiy profilaktika qamrovini oshirish, oilaviy nizolarning oldini olish, jinoyatchilikka sabab bo‘luvchi omillarga barham berish zarurligi qayd etildi. Mas’ullar, “mahalla yettiligi” va akademiya vakillariga har bir yo‘nalish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar belgilab berildi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech