Mahallalardagi muhit, birinchi navbatda, odamlar kayfiyatiga ta’sir ko‘rsatadi. Jinoyatdan xoli, osoyishta mahallada aholi tinch va farovon hayot kechiradi.
Bu borada Prezidentimizning joriy yil 3-yanvardagi qarori dolzarb vazifalarni qamrab olgani bilan muhim ahamiyat kasb etdi. Mazkur qaror asosida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar mahallalarda xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga xizmat qilmoqda.
IIV akademiyasi boshlig‘i ayni yo‘nalishdagi ishlarning borishi bilan tanishish maqsadida poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi “Obod” va “Mirzo Ulug‘bek” mahallalarida bo‘lib, mas’ullar bilan muloqot qildi.
Aytish joizki, davlatimiz rahbarining joriy yil 18-avgustdagi PQ-253-son qarori bilan kriminogen vaziyati murakkab mahallalarda alohida yondashuv asosida manzilli ishlash mexanizmlari joriy qilindi. Shu asosda akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan hududlarning kriminogen vaziyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillar o‘rganilib, ilmiy asoslantirilgan takliflar ishlab chiqildi.
Natijada, huquqbuzarlik sodir etilishi mumkin bo‘lgan hududlarga 146 ta zamonaviy kamera o‘rnatilib, 151 ta obyekt texnik qo‘riqlovga olindi. Qo‘shimcha kuch va vositalar yo‘nalitirildi. Gavjum ko‘chalar, uylar, savdo majmualari va boshqa maskanlarga 25 ta tashvish tugmasi qo‘yildi. “Jinoyat o‘chog‘i” sifatida belgilangan 16 ta hudud xavfsiz joyga aylantirildi. Mahallalarda “Mahalla targ‘ibotchisi” jamoatchilik guruhlari tashkil qilindi.
Muloqot chog‘ida mas’ullar va “mahalla yettiligi” vakillarining jinoyatchilik omillarini bartaraf etish yuzasidan axboroti tinglandi. “Yo‘l xarita”larda belgilangan vazifalar ijrosi birgalikda muhokama qilindi. Akademiya boshlig‘i kriminogen vaziyatni muntazam ravishda baholab borish orqali aholini real holatdan xabardor qilish, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ijtimoiy profilaktika chora-tadbirlarini kuchaytirish, nizoli oilalar bilan manzilli ishlash zarurligini qayd etdi.
“Aholining huquqiy mas’uliyatini oshirishga ham e’tibor qaratish kerak. Ko‘rilayotgan choralar mahalla osoyishtaligi uchun qilinayotganini har bir fuqaro his qilishi, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga daxldorlik bilan qarashi kerak. Shunda tizim o‘z natijasini ko‘rsatadi”, - dedi akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov.
Hududlarni o‘rganish jarayonida bir qator dolzarb vazifalar belgilab olindi. Mahalla faollariga “yettilik” faoliyatini ilg‘or tajribalar asosida takomillashtirish, tizimni jamiyat va davlat o‘rtasidagi chinakam ko‘prikka aylantirish, huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish yuzasidan tavsiyalar berildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati