Poytaxtimizda xavfsiz muhit yaratish bo‘yicha namunaviy amaliyotning joriy qilingani huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda muhim omil bo‘lmoqda.
Chilonzor tumanining “Katta Chilonzor-2” mahallasida 6 yarim mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Hududda 65 ta ko‘p qavatli uy, 3 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 1 ta umumta’lim maktabi va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatuvchi boshqa maskanlar bor.
O‘tgan yili mahallada oldini olish mumkin bo‘lgan 20 ta jinoyat qayd etilgan bo‘lib, shundan 16 tasini o‘g‘irlik, 4 tasini tan jarohati yetkazish jinoyatlari tashkil qilgan. “Poytaxt namunasi” asosida yo‘lga qo‘yilgan yangi tizim jinoyatlarning barvaqt oldini olish bilan birga, kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillarni bartaraf etishga xizmat qilmoqda.
IIV akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov mazkur mahallada bo‘lib, aholi uchun xavfsiz muhit yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar bilan tanishdi. “Mahalla yettiligi” vakillari bilan muloqotda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishda erishilayotgan natijalar va mavjud muammolar muhokama qilindi.
Aytish joizki, mahallaga akademiya professor-o‘qituvchilari va magistratura tinglovchilaridan iborat ishchi guruh biriktirilgan. Ular tomonidan jinoyatchilik omillari ilmiy yondashuvlar asosida o‘rganilib, amaliy taklif-tavsiyalar ishlab chiqilmoqda. Bundan tashqari, ta’lim muassasasi kursantlari profilaktik ishlar va hududlarda jamoat xavfsizligini ta’minlashga jalb qilingan.
Hamjihatlikda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida shu kungacha 4 ta “jinoyat o‘chog‘i” aniqlandi. 1200 dan ziyod xonadon manzilli o‘rganilib, 1 nafar “xavf guruhi”dagi, 8 nafar ijtimoiy profilaktika obyekti bo‘lgan shaxslar qayd etildi. Huquqbuzarliklar sodir etilishi mumkin bo‘lgan hududlarga 6 ta videokuzatuv kamerasi o‘rnatilib, ichki ishlar organlariga integratsiya qilindi. Kriminogen vaziyatni nazorat qilish va aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida 30 dan ortiq patrullik guruhlari tashkil qilindi.
Akademiya boshlig‘i “yo‘l xatira”da belgilangan chora-tadbirlarni o‘rganib, aholi muammolari va murojaatlari bilan tizimli ishlash, xavfsizlik choralarini kuchaytirish, mahallani jinoyatdan xoli hududga aylantirish borasida tegishli vazifalarni belgilab berdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati