Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Mahallalar manzilli o‘rganildi

20 May 2026, 19:15

89

Xavfsiz muhitni shakllantirish bo‘yicha poytaxtimizning Chilonzor tumanida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar aholi osoyishtaligini ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.

Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov ta’lim muassasasiga biriktirilgan mahallalarda “poytaxt namunasi” asosida erishilayotgan natijalar bilan tanishdi.

Dastlabki manzil “Charx Kamolon - 2” mahallasi bo‘ldi. Shu yerning o‘zida “jinoyat o‘choq”lariga barham berish, xavfsizlik choralarini kuchaytirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirish va boshqa yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Jinoyatchilik omillari tahlil qilinib, mahallani jinoyatdan xoli hududga aylantirish borasida aniq vazifalar belgilab olindi.

Shundan so‘ng “Botirma” mahallasining kriminogen vaziyati o‘rganildi. Mas’ullar tomonidan poytaxt ahli va mehmonlari uchun xavfsiz muhit yaratish maqsadida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, amaliyotga joriy qilingan tajribalar taqdimot qilindi.

Qayd etilishicha, mahalladagi 2380 ta xonadonda 6 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Hududda umumta’lim maktabi, yirik savdo majmuasi, maktabgacha ta’lim muassasalari hamda boshqa maishiy xizmat ko‘rsatuvchi maskanlar bor. Mahallaning kriminogen vaziyatiga eng ko‘p salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omil sifatida o‘g‘irlik jinoyati qayd etilgan.

O‘rganishlar davomida 8 ta “jinoyat o‘chog‘i”, 42 nafar ijtimoiy profilaktika obyekti, 8 nafar “xavf guruhi”dagi shaxs aniqlangan. Ko‘chalar, ko‘p qavatli uylar, ko‘ngilochar maskanlar va huquqbuzarlik sodir etilishi mumkin bo‘lgan boshqa joylarga videokuzatuv kameralari, tashvish tugmalari o‘rnatilib, xavfsizlik tizimlariga integratsiya qilingan. “Xavf guruhi”dagi shaxslar va ijtimoiy-maishiy muammosi bor oilalar ro‘yxati shakllantirilib, “mahalla yettiligi”ga yo‘naltirilgan.

Akademiya boshlig‘i hududlarni texnik qo‘riqlovga olishni jadallashtirish, aholi murojaatlari bilan tizimli ishlash, profilaktika ishlarini kuchaytirish orqali jinoyatchilikni keskin kamaytirish yuzasidan topshiriq berdi.

Ta’lim muassasasi vakillari shu kuni “Mehrjon” mahallasida ham bo‘lib, kriminogen vaziyatni barqaror saqlash, jamoat xavfsizligini ta’minlash, “102” tizimi orqali kelib tushgan murojaatlarni qabul qilish, fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, shuningdek hududlarga jalb qilingan kuch-vositalar faoliyatini o‘rgandi.

O‘rganishlar yakunida “poytaxt namunasi”ni samarali joriy qilish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar belgilab olindi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech