Mahallalarda xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish faoliyatiga yangicha yondashuvlar tatbiq etilmoqda.
Bu borada Prezidentimizning joriy yil 5-yanvardagi respublikamiz mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qarori alohida e’tiborga molik.
Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida IIV akademiyasi vakillari tomonidan hududlarda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, bir guruh professor-o‘qituvchilar Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi uch yildan buyon “qizil” toifada qolayotgan mahallalarga jalb qilingan.
O‘rganishlar davomida biriktirilgan mas’ullar hamda “mahalla yettiligi” vakillari bilan birgalikda davlatimiz rahbari qarorining mazmun-mohiyati, unda belgilangan maqsad va vazifalar, ularni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan uchrashuvlar o‘tkazildi. Shu bilan birga, joylarga chiqqan holda kriminogen vaziyatga ta’sir etuvchi omillar tahlil qilinib, har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan “yo‘l xarita”lar shakllantirildi.
Ishchi guruh rahbari, podpolkovnik Alisher Murodovning ta’kidlashicha, manzilli o‘rganishlar mahallalar hayoti bilan yaqindan tanishish, u yerda istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimiz bilan bevosita muloqot qilish, ularning muammo va tashvishlarini o‘rganish, jinoyatda xoli osoyishta hududda yashashi uchun zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishga imkon bermoqda.
Binobarin, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, mahalla tinch va ahil bo‘lsa, jamiyatimiz tinch va hamjihat bo‘ladi. Mahalla rivojlansa, butun mamlakatimiz yuksaladi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati