Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Mahallalarda kriminogen vaziyat barqarorlashmoqda

26 Iyun 2026, 21:40

27

Prezidentimizning mahallalarda xavfsiz muhit yaratish to‘g‘risidagi qarori jinoyatchilik omillarini barvaqt aniqlash va oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bu borada Navoiy viloyatidagi “Kimyogar”, “Oltin vodiy”, “Mingbuloq”, “Malik”, “Arg‘un”, “Yangi ariq”, “Yangi hayot”, “Sentob”, “Qorovultepa”, “Navbahor” mahallalarida ham keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ichki ishlar vazirligi akademiyasi professor-o‘qituvchilari tomonidan mazkur mahallalarda olib borilgan ilmiy-amaliy o‘rganishlar natijasida 51 ta “jinoyat o‘chog‘i”, 30 ta ovloq hudud aniqlandi. Kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillarni bartaraf etish maqsadida dolzarb chora-tadbirlar belgilanib, “yo‘l xarita”larga kiritildi.

Shu asosda hududlarga zamonaviy kameralar, tashvish tugmalari o‘rnatilib, xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Har bir xonadondagi muammolar o‘rganilib, ijtimoiy profilaktika qamrovi oshirildi. Huquqbuzarlik sodir etilishi mumkin bo‘lgan joylar qo‘shimcha kuch va vositalar bilan ta’minlandi. Profilaktik ishlarni har bir xonadon kesimida manzilli tashkil etish yo‘lga qo‘yildi.

Natijada uch yildan buyon “qizil” toifada qolayotgan mahallalarning 4 tasi “yashil”, 5 tasi esa “sariq” toifaga o‘tkazilib, umumiy kriminogen vaziyatning barqarorlashishiga erishildi.

“Hududlarning o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqib ijobiy tajribalar yaratilganini ham aytib o‘tish joiz. Masalan, har bir mahalla bo‘yicha geokriminogen elektron xarita shakllantirilib, “Nizoli oila pasporti” joriy etildi. Bu esa jinoyatchilikning sabab va sharoitlarini o‘z vaqtida aniqlash, tahlil qilish va zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish imkonini bermoqda”, - deydi akademiya ishchi guruhi rahbari, podpolkovnik Bekzod Umurzoqov.

Umuman olganda, qaror doirasida amalga oshirilayotgan ilmiy-amaliy o‘rganishlar “ilmiy xulosa – tavsiya – natija” tamoyili asosida izchil davom ettirilmoqda. Buning samarasida mahallalar jinoyatdan xoli hududga aylanib, xalqimizning tinch-osoyishta hayoti ta’minlanmoqda. Chinakam xavfsiz muhitni shakllantirishdan ko‘zlangan ustuvor maqsad ham aslida aholi roziligiga erishishdir.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech