IIV akademiyasi boshlig‘i poytaxtimizning Mirobod tumanidagi mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
O‘rganishlar davomida mas’ul rahbarlar, faollar hamda hududlarga biriktirilgan magistratura tinglovchilari bilan birgalikda dolzarb vazifalar ijrosi muhokama qilindi.
“Oltinko‘l” mahallasida 1365 ta xonadon bo‘lib, ularda 6 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillarni bartaraf etish maqsadida joylarga kamera va tashvish tugmalari o‘rnatilib, xavfsizlik tizimlariga integratsiya qilingan. Alohida toifadagi, muqaddam sudlangan va jinoyat sodir etish xavfi yuqori bo‘lgan shaxslar ro‘yxati shakllantirilib, manzilli profilaktik chora-tadbirlar belgilangan.
Muloqot chog‘ida ko‘p qayd etilayotgan jinoyatlar, ularning asl omillari, “102” tizimi orqali kelib tushayotgan murojaatlar, ijtimoiy profilaktika doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, yoshlar va ayollar bandligi hamda boshqa dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi. Xavfsiz muhitni ta’minlashga qaratilgan ishlarni jadallashtirish borasida tegishli vazifalar belgilab olindi.
Shundan so‘ng akademiya boshlig‘i “Istiqlolobod” mahallasini o‘rgandi. Kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishib, jamoat xavfsizligini ta’minlash va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi.
Jinoyatlarning asosan tungi vaqtlarda sodir etilayotganini inobatga olib patrullik guruhlari faoliyatini kuchaytirish, fuqarolarning huquqiy madaniyati va ogohligini oshirish, kameralashtirish qamrovini kengaytirish, kriminogen vaziyati og‘ir joylarga qo‘shimcha kuch-vositalarni yo‘naltirish, aholi muammolari va murojaatlarini o‘z vaqtida hal qilish zarurligi qayd etildi.
O‘rganishlar davomida mas’ullar va “mahalla yettiligi” vakillarining fikr-mulohazalari tinglandi. Yechimini kutayotgan har bir masala bo‘yicha aniq mexanizm va chora-tadbirlar belgilandi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati