Xavfsiz muhitni shakllantirish bo‘yicha “poytaxt namunasi”ning keng joriy qilingani mahallalarning kriminogen vaziyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov Chilonzor tumanidagi mahallalarda bo‘lib, yangi tizim asosida erishilayotgan natijalar bilan tanishdi.
“Botirma” hamda “Mehirjon” mahallalarini o‘rganish chog‘ida aholi osoyishtaligini ta’minlash, jinoyatchilikni keskin kamaytirish, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, hududlarni kameralashtirish va boshqa yo‘nalishdagi chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Akademiya boshlig‘i amaliyotga tatbiq qilingan yondashuv samarasida jinoyatchilik oqibatlari bilan kurashishdan, uning asl omillarini bartaraf etishga qaratilgan samarali tizim yaratilgani, mahallalarning kriminogen vaziyatini barqarorlashtirishda aholi muammolarini o‘z vaqtida bartaraf etish, ijtimoiy profilaktikani kuchaytirish, yoshlar o‘rtasida profilaktik ishlar natijadorligini oshirish muhimligini ta’kidladi.
Manzilli o‘rganishlar davomida qayd etilayotgan huquqbuzarliklarning sabablari, ularga imkon yaratayotgan shart-sharoitlar, aholini qiynayotgan ijtimoiy-maishiy masalalar mas’ul rahbarlar, “mahalla yettiligi” vakillari va akademiya professor-o‘qituvchilari bilan birgalikda atroflicha tahlil qilindi. Shuningdek “Xavfsiz va sog‘lom yurt” kompleks tezkor-profilaktik tadbirlar oyligi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Akademiya boshlig‘i hududlarni texnik qo‘riqlovga olishni jadallashtirish, aholi murojaatlariga o‘z vaqtida munosabat bildirish, yoshlar, ayollar va alohida toifadagi shaxslar bilan manzilli chora-tadbirlari amalga oshirish, oilaviy nizolarni hal qilish, huquqbuzarliklar omillarini barvaqt aniqlash, kriminogen vaziyati murakkab hududlarga qo‘shimcha kuch va vositalarni yo‘naltirish borasida topshiriq berdi.
O‘rganishlar yakunida har bir yo‘nalish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan dolzarb vazifalar belgilab olindi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati