Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Mahallalardagi muammolar o‘rganildi

6 Fevral 2026, 14:53

107

Prezidentimiz raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida xavfsiz muhit yaratish bo‘yicha “poytaxt namunasi”ni amaliyotga joriy etish belgilangan edi.

IIV akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi “Beshqo‘rg‘on” mahallasida bo‘lib, jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, aholi uchun xavfsiz muhit yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Aytish joizki, yangi tajriba mazkur mahallaga ham keng tatbiq qilinmoqda. Ana shu maqsadda hududlarga 80 dan ortiq turli xildagi zamonaviy kamera, 10 ta tashvish tugmasi hamda tungi chiroqlar o‘rnatildi. Huquqbuzarlik sodir etilishi mumkin bo‘lgan joylarda qo‘shimcha patrullik guruhlari tashkil etilib, xavfsizlik choralari kuchaytirildi.

Ijtimoiy profilaktika doirasida jinoyat sodir etish yoki undan jabrlanish ehtimoli yuqori shaxslar aniqlanib, “mahalla yettiligi” tizimiga yo‘naltirildi. Sayyor qabullar jarayonida fuqarolardan kelib tushgan yuzdan ortiq muammoli masalalar ijobiy hal qilindi. Kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillarni bartaraf etish yuzasidan korxona, tashkilot va muassasalarga taqdimnomalar kiritildi.

Shu kuni akademiya boshlig‘i mas’ullar va “mahalla yettiligi” vakillari bilan yuzma-yuz muloqot qildi. Aholi muammolarini o‘rganish, ijtimoiy profilaktikani samarali tashkil etish, oila-turmush doirasidagi huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatchilik omillarini kamaytirish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni muhokama qildi.

Mahalla hududidagi “Chilonzor” buyum bozoriga qarashli avtoturargohni ko‘zdan kechirib, viloyatlararo qatnovchi haydovchilar bilan suhbatlashdi. Maskanda aholi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, ularning muammo va takliflarini tingladi. Shundan so‘ng bozor hududida tashkil qilingan 5-son ichki ishlar bo‘limi faoliyati o‘rganildi.

Bundan tashqari, ishchi guruh vakillari “Katta Chilonzor-3” mahallasida ham bo‘ldi. “Mahalla yettiligi” xodimlari bilan uchrashuvda Prezidentimiz raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan dolzarb vazifalar yetkazildi.

Akademiya boshlig‘i “yettilik” vakillarining axborotini eshitdi. Mahalla profilaktikasini samarali tashkil qilish, mavjud kuch-vositalardan oqilona foydanish, aholi murojaatlariga tezkorlik bilan munosabat bildirish, kriminogen vaziyatni kunlik tahlil qilib borish yuzasidan ularga tavsiyalar berdi.

O‘rganishlar yakunida ta’lim muassasasidan biriktirilgan mas’ullarga hududlarni o‘rganish chog‘ida aniqlangan muammolarning yechimlariga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish, kriminogen omillarni ilmiy yondashuvlar asosida tahlil qilish, ilg‘or tajribalarni yaratish borasida topshiriqlar berildi.

Qayd etish joizki, poytaxtimizda xavfsiz muhit yaratish va kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshilmoqda. Namunaviy amaliyotni yo‘lga qo‘yish maqsadida Chilonzor tumaniga akademiya professor-o‘qituvchilari, magistratura tinglovchilari hamda kunduzgi ta’limning 3-kursida tahsil olayotgan barcha kursantlar jalb qilingan. Bu ham natijadorlikni oshirishga xizmat qilmoqda.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech