Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Mahallalardagi sog‘lom ijtimoiy muhit – aholi osoyishtaligi garovi

24 Iyun 2026, 22:23

35

Bugungi kunda mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlar yaxlit tizim asosida tashkil etilmoqda.

Prezidentimiz qarori bilan uch yildan buyon “qizil” toifada qolayotgan mahallalarning huquq-tartibot idoralari ta’lim muassasalariga biriktirilgani kriminogen vaziyat bilan bog‘liq muammolarga ilmiy-amaliy yechim topishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov Chirchiq shahridagi “Mirza G‘olib”, “Nur”, “Yoshlik” mahallalarida bo‘lib, qaror ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. O‘rganishlar davomida hokimlik mutasaddilari, ichki ishlar organlari rahbarlari, “mahalla yettiligi” tizimi mas’ullari, hududlarga jalb qilingan professor-o‘qituvchilar ishtirokida mahallalarning kriminogen vaziyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillar va ularni barataf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar tahliliy muhokama qilindi.

Aytish joizki, akademiya vakillari tomonidan o‘tgan 5 oy mobaynida yuqoridagi mahallalarda tizimli ishlar amalga oshirildi. Hududlarda sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklarning asl omillari o‘rganilib, “yo‘l xarita”larga manzilli chora-tadbirlar kiritildi. Aholi uchun xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida joylarga 18 ta kamera, 57 ta tashvish tugmasi va boshqa texnik vositalar o‘rnatilib, zamonaviy tizimlarga integratsiya qilindi. Xonadonlarni manzilli o‘rganish natijasida 28 nafar ijtimoiy profilaktika obyekti aniqlanib, ularni qiynayotgan masalalar “mahalla yettiligi”ga yo‘naltirildi. Xavfsizligi ta’minlanmagan 42 ta bino va inshootning texnik qo‘riqlovga olinishi ta’minlandi.

Akademiya boshlig‘i mahallalarda yo‘lga qo‘yilgan tajribalar taqdimoti bilan tanishdi. Mas’ullarga oilalardagi ijtimoiy-maishiy muammolarni hal etish, aholi, ayniqsa yoshlar, xotin-qizlar, muqaddam sudlanganlar va ishsiz fuqarolar o‘rtasida jinoyatlarning barvaqt oldini olish, ijtimoiy profilaktika qamrovi va natijadorligini oshirish, “mahalla yettiligi”ning mas’uliyatini yanada kuchaytirish, mahallalarda sog‘lom ijtimoiy muhitni shakllantirish yuzasidan tavsiyalar berdi.

Manzilli o‘rganishlar yakunida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar muhokama qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab olindi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech