Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Mahallalardagi xavfsiz muhit o‘rganildi

17 Iyun 2026, 19:57

42

Prezidentimiz topshirig‘i asosida “poytaxt tajribasi”ning keng joriy qilinayotgani mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish, kriminogen omillarni barvaqt oldini olish va aholi osoyishtaligini ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.

Ichki ishlar vazirligi akademiyasi rahbari Rustam Xatamov yangi tizim asosida poytaxtimizning Shayxontohur tumani mahallalarida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

Dastlabki manzil “Chorsu” mahallasi bo‘ldi. Hududga biriktirilgan mas’ullar, akademiya professor-o‘qituvchilari va magistratura tinglovchilari, “mahalla yettiligi” vakillari ishtirokida ayni yo‘nalishdagi ustuvor vazifalar ijrosi muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, mahalla hududida 11 ta “jinoyat o‘chog‘i” aniqlangan. Huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida joylarga 17 ta tashvish tugmasi, 264 ta zamonaviy kamera o‘rnatilgan. Odamlar gavjum maskanlarga qo‘shimcha kuch va vositalar jalb qilinib, xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Xonadonlarni manzilli o‘rganish natijasida ijtimoiy profilaktika ob’ektlari aniqlanib, “mahalla yettiligi” xodimlariga yo‘naltirilgan. Aholini giyohvandlik, kiberfiribgarlik va boshqa turdagi jinoyatlardan ogoh etish maqsadida targ‘ibot materiallari tarqatilib, fuqarolarning uyali aloqa vositalariga foydali ilovalar o‘rnatilgan.

Akademiya boshlig‘i mahallada kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishib, xavfsiz muhitni shakllantirish borasida o‘z takliflarini bildirdi. Ishchi guruh vakillariga aholi bilan jadal manzilli ishlash, jamoat xavfsizligini ishonchli ta’minlash yuzasidan topshiriq berdi.

Shundan so‘ng ta’lim muassasasi vakillari tomonidan “O‘rda” mahallasining kriminogen vaziyati o‘rganildi. Ishchi guruh vakillari bilan birgalikda mahallada sodir etilgan jinoyatlar, ularning asl omillari, “102” tizimi orqali fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar, yangi tizim asosida erishilayotgan natijalar tahlil qilindi.

Akademiya boshlig‘i aholi muammolarini tizimli o‘rganib borish, “jinoyat o‘choqlari”da xavfsizlik choralarini kuchaytirish, ijtimoiy profilaktika qamrovini oshirish, kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillarni bartaraf etish orqali jinoyatchilikni keskin kamaytirish zarurligini qayd etdi. Yangi tajribalarni yaratib, hududlarga joriy qilish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Shuningdek, o‘rganishlar davomida akademiya boshlig‘i “Bog‘ko‘cha” mahallasidagi aholi gamjum joylar, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish maskanlarini ko‘zdan kechirdi. Fuqarolar bilan muloqot qilib, ularning muammo va takliflarini tingladi. Hududlarda osoyishtalikni ta’minlash va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida zarur tavsiyalar berdi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech