Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Manzilli o‘rganishlar davom etmoqda

25 Aprel 2026, 17:28

74

Prezidentimizning mahallalarda xavfsiz muhit yaratishga qaratilgan qarori bilan uch yildan buyon “qizil” toifada qolayotgan mahallalar huquq-tartibot idoralarining ta’lim va ilmiy tashkilotlariga biriktirilgan.

Shunga ko‘ra, bugungi kunda IIV akademiyasi professor-o‘qituvchilari Navoiy viloyati mahallalarida manzilli o‘rganishlarni olib borishmoqda. Bu borada ishchi guruh tomonidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Kriminologiya kafedrasi boshlig‘i, podpolkovnik Bekzod Umrzoqovning ma’lumot berishicha, ishchi guruh vakillari Navoiy shahridagi “Kimyogar”, Qiziltepa tumanidagi “Yangi hayot”, Navbahor tumanidagi “Qorovultepa”, Nurota tumanidagi “Sentob”, Xatirchi tumanidagi “Navbahor”, Zarafshon shahridagi “Oltin vodiy”, Uchquduq tumanidagi “Mingbuloq”, Karmana tumanidagi “Arg‘un”, “Yangiariq”, “Malik” mahallalariga jalb qilingan.

O‘rganishlar davomida mazkur mahallalarning kriminogen vaziyati ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida tahlil qilib chiqildi. Har bir hududning o‘ziga xos xsususiyatidan kelib chiqqan holda taklif va tavsiyalar ishlab chiqilib, “yo‘l xarita”larga kiritildi.

Mahallalarda 25 ta “jinoyat o‘chog‘i”, 24 ta ovloq joy aniqlandi. Xavfsizlik choralarini kuchaytirish maqsadida hududlarga 48 ta zamonaviy kamera, 9 ta tashvish tugmasi, 8 ta tungi chiroq o‘rnatilib, qo‘shimcha profilaktika inspektorlari va patrullik guruhlari yo‘naltirildi. Bundan tashqari, 55 ta obyektning texnik qo‘riqlovga olinishi ta’minlanib, 10 ta ko‘p qavatli uyning kirish-chiqish joyiga domofonlar o‘rnatildi. Mahallalarda 9 ta “namunali xavfsiz ko‘cha”, 8 ta “namunali xavfsiz uy” tashkil etildi.

Manzilli ishlar davomida aholi muammolarini o‘rganishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Ijtimoiy profilaktika obyektlari bilan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilanib, “mahalla yettiligi” tizimi xodimlariga nomma-nom biriktirilmoqda.

Hozirda mahallalarning kriminogen vaziyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillarni bartaraf etish, aholi uchun xavfsiz muhit yaratish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda. Zero, mahallalar tinch bo‘lsa, jamiyat barqaror bo‘ladi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech