Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Ma’rifatli yoshlar – Yangi O‘zbekiston tayanchi

19 Aprel 2024, 10:04

302

Muhtaram Prezidentimiz “mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi g‘arb ilm-fan yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarur”, degan edi.

Ushbu ustuvor maqsaddan kelib chiqib Ichki ishlar vazirligi akademiyasida taniqli adiblar bilan uchrashuv tashkil qilindi. Yurtimiz kelajagiga daxldor fidoyi yoshlarni tarbiyalash maqsadida o‘tkazilgan tadbirga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari Ashurali Jo‘rayev, Nabi Jaloliddin va Ozoda Bekmurodovalar taklif etildi.

Tadbir avvalida mehmonlar akademiya hayoti bilan yaqindan tanishdilar. Yoshlar bilan maqsadli ishlash, ularni ona Vatanimiz va xalqimizga yuksak sadoqat ruhida kamol toptirish, iqtidor va salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, ta’lim jarayoniga tatbiq qilingan ilg‘or yondashuvlar mehmonlarda ulkan taassurot qoldirdi.

Shundan so‘ng o‘quv dargohi rahbari Rustam Xatamov adiblar bilan uchrashdi.

– Mafkuraviy kurashlar kuchayib borayotgan hozirgi davrda yoshlarning Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat va milliy qadriyatlarimizga hurmat tuyg‘usini oshirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bunday sharoitda yoshlarimizni yot g‘oyalar ta’siridan asrashga alohida e’tibor qaratishimiz ustuvor masaladir, – dedi akademiya rahbari.

– Har qanday tizimning ertangi kunini, yutug‘ini yosh kadrlar belgilaydi, – dedi Ashurali Jo‘rayev. – Prezidentimiz davlat rahbari sifatidagi faoliyatlarining ilk kunlaridan boshlab ichki ishlar organlarini xalqchil tuzilmaga aylantirishga alohida e’tibor qaratib kelmoqdalar. Chinakam xalqparvar xodimlarni tayyorlash esa ta’limga, uning sifati va samarasiga bog‘liq. Bugun o‘quv dargohida amalga oshirilayotgan ulkan yangilanishlarga guvoh bo‘lib, Yangi O‘zbekistonning bilimli, fidoyi farzandlari kamol topayotganiga amin bo‘ldim.

Uchrashuvda “Ma’rifat ulashib” loyihasi asosida vatanparvarlik ruhidagi ishlar samaradorligini oshirish, yoshlarni buyuk maqsadlar sari birlashtirish, ularning tafakkuri va intellektual salohiyati, kasbiy fazilatlarini yuksaltirishga qaratilgan tadbirlar uyushtirish muhimligi ta’kidlandi.

Shundan so‘ng ziyolilar va kursantlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Adabiy kechada xalqimizning shonli tarixi, buyuk ajdodlarimiz jasorati, ma’rifatparvar bobolarimizning Vatan taraqqiyoti, millat ravnaqi yo‘lidagi sa’y-harakatlari, ulug‘vor g‘oyalari, millat yuksalishida adabiyotning o‘rni, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimizda yoshlar ta’lim-tarbiyasiga qaratilayotgan ulkan e’tibor, milliy qadriyat va an’nalarimizning bugungi kundagi teran ahamiyati haqida so‘z bordi. Adiblar o‘z fikr-mulohazalari, ijod namunalari bilan yoshlarga ma’naviy ozuqa ulashdilar.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech