Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Masofaviy ta’lim: kadrlar tayyorlashda zamonaviy yondashuv

10 Yanvar 2026, 20:32

608

Joriy o‘quv yilidan IIV akademiyasida masofaviy ta’lim shaklida kadrlarni tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.

Sir emaski, bugungi kunda raqamli texnologiyalar barcha sohalarni qamrab olmoqda. Ta’lim jarayonlari takomillashib, masofadan turib o‘qitish qulay va samarali vositaga aylanib bormoqda. Endilikda ta’limning zamonaviy yondashuvi akademiyada ham qo‘llanilmoqda.

Masofaviy ta’lim fakulteti boshlig‘i, polkovnik Oybek Kamalovning aytishicha, yangi tizimni samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida milliy va xorijiy oliy ta’lim muassasalarining eng ilg‘or tajribalari o‘rganildi. Maxsus platforma yaratilib, o‘quv jarayoniga joriy qilindi.

Mazkur platformadan kompyuter yoki mobil telefondan maxsus kod va parol yordamida foydalaniladi. Dasturga dars jadvallari, fanlar doirasida o‘tiladigan mavzularga oid ma’ruza, videoma’ruza va multimedia materiallari, elektron adabiyotlar va boshqa zarur ma’lumotlar joylashtirib boriladi.

Bundan tashqari, “zoom” orqali onlayn vaqt rejimida ma’ruzalar tinglash, professor-o‘qituvchilar bilan masofadan turib interfaol muloqot qilish mumkin. Tinglovchilarning fanlarni o‘zlashtirishi onlayn test sinovlari, har semestr so‘nggida esa yakuniy nazorat imtihonlari orqali baholab boriladi.

Eng muhimi, tinglovchilar ishdan ajralmagan holda mustaqil ta’lim olish, kasbiy salohiyatini oshirish, bilim va ko‘nikmalarini amaliyotdagi real sharoitlarda qo‘llash imkoniga ega bo‘ladi. Ta’lim jarayonida inson omili kamayib, shaffof tizim yaratiladi.

Aytish joizki, bu yil masofaviy ta’lim shakliga ichki ishlar organlari va boshqa hamkor tuzilmalardan 600 nafardan ziyod xodim qabul qilindi. Ular uchun qisqa muddatli o‘quv yig‘ini doirasida mashg‘ulotlar tashkil etildi. Tinglovchilar “elms.akadmvd.uz” platformasi bilan tanishtirilib, tizimga integratsiya qilindi.

Fakultet katta o‘qituvchi-metodisti Asqar Xolovning ta’kidlashicha, masofali o‘qitishda vaqt va makon bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelmaydi, ta’limga ketadigan xarajatlar sezilarli darajada tejaladi. Bu esa mavjud resurslarni zarur ehtiyojlarga yo‘naltirish imkonini beradi. Shu bois, kelgusida masofaviy ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish, sun’iy intellektdan foydalanish ko‘zda tutilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, masofaviy ta’lim tizim uchun kadrlar tayyorlash jarayonlarini ilg‘or yondashuvlar asosida tashkil etish bilan birga, ichki ishlar organlarining faoliyat samaradorligini oshirishga ham xizmat qiladi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech