IIV akademiyasi hamda Rossiya Federatsiyasi Jazoni ijro etish federal xizmati Huquq va boshqaruv akademiyasi o‘rtasidagi hamkorlik memorandumi o‘zining ijobiy samarasini ko‘rsatmoqda.
Galdagi onlayn darslar ham ikki tomonlama hamkorlik doirasida ilg‘or amaliy tajribalarni o‘rganish maqsadida tashkil qilindi. Mashg‘ulotlarga “jazoni ijro etish faoliyati” ixtisoslik yo‘nalishi hamda Xorijiy kadrlar bilan ishlash fakultetida ta’lim olayotgan kursantlar, shuningdek Sirtqi ta’lim fakulteti tinglovchilari hamda kafedra o‘qituvchilari jalb qilindi.
Huquq va boshqaruv akademiyasi vakillari tomonidan ozodlikdan mahrum etish joylarida ekstremizm g‘oyalari tarqalishining barvaqt oldini olish, profilaktik chora-tadbirlarni samarali tashkil etish, probatsiya nazoratini amalga oshirishga ko‘maklashuvchi subyektlarning fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligini ta’minlash, mahkumlar huquqlariga rioya qilish masalalari Rossiya tajribasi misolida yoritildi.
Mashg‘ulot yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savolga javob oldi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati