Belarus Respublikasi vakillari mamlakatimizga amaliy tashrif doirasida Ichki ishlar vazirligi akademiyasida bo‘ldi.
Tergov qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Anatoliy Vasilev boshchiligidagi delegatsiya a’zolari dastlab akademiya faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Axborot-resurs markazi, Ta’lim sifatini monitoring va nazorat qilish markazi, sport majmuasi hamda boshqa muhim obyektlarni tanishtirish jarayonida mehmonlarga akademiyaning ulkan salohiyati va imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.
Delegatsiya a’zolari zamonaviy sharoitlarni ko‘zdan kechirib, kadrlar tayyorlash sifatini oshirishga qaratilgan islohotlar va ilg‘or yondashuvlarga yuqori baho berishdi.
Shundan so‘ng akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov mehmonlar bilan muloqot qildi. Uchrashuvda O‘zbekiston – Belarus munosabatlarining hozirgi holati, o‘zaro kelishuvlar doirasida erishilayotgan natijalar, istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlar yuzasidan fikr almashildi.
Akademiya rahbari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar ko‘plab manfaatli sohalar, shu jumladan, huquqni muhofaza qilish tizimida izchil rivojlanib borayotganini e’tirof etdi. Keyingi yillarda Belarusning turdosh oliy ta’lim muassasalari bilan tajriba almashinuvi sezilarli darajada faollashganini ta’kidladi.
O‘z navbatida, Anatoliy Vasilev ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishda har ikki mamlakat ulkan salohiyatga ega ekani, galdagi tashrif aloqalarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish va amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qilishini qayd etdi.
Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda ta’lim sohasida hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma dasturlarni ishlab chiqish, professor-o‘qituvchilar va ta’lim oluvchilar uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish, huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish, bu borada tomonlarning ilg‘or tajribalarini ommalashtirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar uchrashuv ochiq va konstruktiv tazrda o‘tganini e’tirof etgan holda hamkorlikni chuqurlashtirishga kelishib oldilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati