Ichki ishlar vazirligi akademiyasi Murabbiylar kengashining hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi vazifalar muhokama qilingan yig‘ilishni akademiya boshlig‘i o‘rinbosari, Murabbiylar kengashi raisi Bobur Dadajonov olib bordi.
Yig‘ilishda joriy yilning olti oyi mobaynida erishilgan natijalar bilan birga, murabbiylik faoliyatini takomillashtirish masalalariga e’tibor qaratildi. Ichki ishlar organlari tubdan isloh qilinayotgan hozirgi davrda kadrlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, ustoz-shogirdlik an’analarini davom ettirish, yosh xodimlarda yuksak kasbiy fazilatlarni shakllantirish dolzarb ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
Bu borada murabbiylikka biriktirilgan xodimlar faoliyatini muntazam monitoring qilib borish, ularning mas’uliyati va javobgarligini oshirish, yosh xodimlarning xizmatga amaliy moslashishini, kasbiy shakllanish jarayonini tezlashtirish, tarkibiy tuzilmalarda xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash, yoshlar bilan manzilli ishlash mexanizmlarini kuchaytirish zarurligi aytib o‘tildi.
Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishda kengash a’zolarining axboroti tinglandi. Vazirlik ishchi guruhi tomonidan kompleks tekshiruvlar davomida aniqlangan ayrim kamchiliklar muhokama qilinib, kelgusidagi dolzarb chora-tadbirlar belgilab olindi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati