Ichki ishlar vazirligi akademiyasi saf maydonida yangi o‘quv yili munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.
“Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida o‘tkazilgan tadbirda akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov nutq so‘zlab, yig‘ilganlarni Mustaqilligimizning shonli o‘ttiz besh yilligi hamda o‘quv dargohi tashkil topgan sana bilan samimiy muborakbod etdi.
Tantanali tadbirda istiqlol yillari jamiyatimiz hayotida ro‘y bergan tarixiy o‘zgarishlar, turli jabhalarda erishilgan ulkan yutuqlar, ayniqsa muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar e’tirof etildi.
Akademiya boshlig‘i keyingi o‘n yilda mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining mutlaqo yangi davriga qadam qo‘ygani, inson qadrini ulug‘lash, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, xalqimizning turmush farovonligini yuksaltirish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylanganini e’tirof etdi.
Shu bilan birga, ichki ishlar organlari tizimi tubdan isloh qilingani, soha uchun kadrlar tayyorlash va ta’lim jarayonlariga ilg‘or zamonaviy yondashuvlar keng tatbiq etilgani, buning samarasida tizim chinakam xalqchil tuzilma sifatida yangicha qiyofa kasb etib borayotganini alohida ta’kidladi. O‘zgarishlarning amaliy natijasi bilimli, kasbiy ko‘nikmalarni puxta egallagan, mustaqil fikr va zamonaviy dunyoqarashga ega, vatanparvar, fidoyi kadrlarga bog‘liq ekanini qayd etib, kelgusidagi ustuvor vazifalarga e’tibor qaratdi.
“Bugungi taraqqiyot shiddati har birimizni yangi marralar sari undamoqda. Prezidentimiz yagona maqsad yo‘lida birlashib, astoydil harakat qilsak, zabt etib bo‘lmaydigan marraning o‘zi yo‘q, deya barchamizni ruhlantirdilar. Shu bois, ona Vatanimizga bo‘lgan sadoqatimizni amalda namoyon etib, mamlakatimizning ertangi kuni uchun munosib kadrlarni tarbiyalashimiz zarur”, dedi akademiya boshlig‘i.
Shu kuni tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan bir guruh kursantlar “Akademiya a’lochisi” ko‘krak nishonlari hamda ota-onalari nomiga bitilgan minnatdorlik maktublari bilan taqdirlandi. Tantanali marshdan so‘ng, yangi o‘quv yilining ilk mashg‘uloti “Mustaqillik darsi” bilan boshlandi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati