“Poytaxt namunasi” asosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar Chilonzor tumanidagi mahallalarni jinoyatdan xoli hududga aylantirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Birgina, “Qozirabot” mahallasida 7 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Hududda 20 ta ko‘p qavatli, 445 ta yakka tartibdagi uy mavjud. O‘tgan yili mahallada 26 ta jinoyat sodir qilingan bo‘lib, shundan eng ko‘pini o‘g‘irlik jinoyatlari tashkil etgan. Shu bois, hozirda kriminogen omillarni bartaraf etish borasida tizimli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Tumanga biriktirilgan IIV akademiyasi ishchi guruhi rahbari, polkovnik Baxtiyor Rajabovning aytishicha, mahalla hududida kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan 5 ta “jinoyat o‘chog‘i” aniqlangan. Xonadonlarni o‘rganish jarayonida 5 nafar “xavf guruhi”dagi shaxs, yana 18 nafar ijtimoiy profilaktika obyekti ro‘yxatga olingan.
Jinoyatlarning barvaqt oldini olish maqsadida manzilli taklif va tavsiyalar ishlab chiqilib, “yo‘l xarita”siga kiritilgan. Hududlarga tashvish tugmalari va videokuzatuv kameralari o‘rnatilib, xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Huquqbuzarlik sodir etilish ehtimoli yuqori joylarga qo‘shimcha patrullik guruhlari yo‘naltirilgan. Bundan tashqari, aholi o‘rtasida 5 marotaba jinoyat muhokamasi, 161 marotaba targ‘ibot tadbiri o‘tkazilgan.
Xuddi shunday ishlar “Katta Qozirabot” mahallasida ham izchil davom ettirilmoqda. Shu kungacha mahalla hududida 19 ta videokuzatuv, 20 ta “Face ID”, 15 ta “PTZ” kameralari, 10 ta “SOS” tashvish tugmasi o‘rnatilib, 6 ta qo‘shimcha patrullik guruhlari tashkil qilingan. Hozirda kriminogen omillar ilmiy yondashuvlar asosida tahlil qilinib, ularni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda. Aholi bilan manzilli muloqotlar o‘tkazilib, ularning muammolari o‘rganilmoqda.
Mahallalarda xavfsiz muhit yaratishda fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarga o‘z vaqtida munosabat bildirish muhim omil sanaladi. Shu bois, hududlarni o‘rganish jarayonida ushbu masalalarga alohida e’tibor qaratilib, aholining takliflari asosida aniq vazifalar belgilab olinmoqda. Zero, tinch-osuda mahallada fayz-baraka, u yerda istiqomat qilayotgan odamlar turmushida xotirjamlik bo‘ladi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati