Axborot xurujlari avj olgan bugungi davrda kitob yosh avlodni tarbiyalash va ma’naviyatimizni asrashning eng muhim vositasiga aylanib bormoqda.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasi kunduzgi ta’limining 1-o‘quv kursiga qabul qilingan kursantlar uchun kitob yarmarkasi tashkil qilindi.
O‘quv-dala markazida uyushtirilgan tadbirda 350 nomdagi turli kitoblar taqdim qilindi. Yoshlar badiiy, tarixiy, ilmiy-ommabop va boshqa turdagi adabiyotlar bilan tanishib, hali mutolaa qilib ulgurmagan yangi kitoblardan xarid qildilar.
– Yarmarka biz uchun kutilmagan bo‘ldi. Imkoniyatdan foydalanib, detektiv janrida yozilgan 2 ta kitob xarid qildim. Yana bir jihati, ko‘rgazmada yoshlar, ayniqsa qizlar tarbiyasiga oid risolalar ham ko‘p edi. Kitobxonlikka e’tibor umummilliy harakatga aylangan hozirgi sharoitda bunday ezgu tashabbuslar yosh avlodning ma’naviy kamolotiga xizmat qilishi shubhasiz, – deydi kursant Nafisa Jumanazarova .
Tadbir davomida yoshlarga kitob va kitobxonlikning ahamiyati, jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqida tavsiyalar berildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati