Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

“Poytaxt namunasi”: jinoyatlar barvaqt oldi olinmoqda

26 Fevral 2026, 17:12

85

24-25-fevral kunlari IIV akademiyasi boshlig‘i Chilonzor tumani mahallalarida xavfsiz muhit yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

Ilk manzil aholi gavjum “Beshyog‘och” mahallasi bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, mahalla hududida 5 ta “jinoyat o‘chog‘i” qayd etilgan. Kriminogen omillarni bartaraf etish maqsadida manzilli taklif-tavsiyalar ishlab chiqilib, choraklik “yo‘l xarita”ga kiritilgan.

Joylarga 19 ta videokuzatuv kamerasi, 7 ta tashvish tugmasi, 22 ta tungi yoritgich o‘rnatilib, xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Qo‘shimcha 9 ta patrullik guruhi tashkil qilinib, hududlarga yo‘naltirilgan. Kriminogen vaziyatning kunu tun nazorat qilinayotgani xavfsiz muhitni shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Shu kuni mahalla vakillari bilan yangi tizim asosida natijadorlikni oshirish masalalari muhokama qilindi. Mas’ullarga “jinoyat o‘choq”lariga barham berish, aholining barcha qatlamini manzilli profilaktik tadbirlarga qamrab olish, murojaatlarga tezkorlik bilan munosabat bildirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish choralarini ko‘rish yuzasidan vazifalar berildi.

Shuningdek akademiya boshlig‘i “Yakkabog‘” mahallasida bo‘lib, “yettilik” tizimi xodimlari bilan muloqot qildi. Uchrashuvda “poytaxt namunasi” asosida jinoyatlarni keskin kamaytirish, yangi tizimni keng joriy qilish, aholi uchun xavfsiz muhit yaratish xususida fikr almashildi.

Aytish joizki, mahalla hududida “Olmazor” metro bekati, “Toshkent” avtovokzali joylashgan. Viloyatlararo qatnovchi taksilar o‘rnashgan atroturargoh ham aholi bilan doimo gavjum. Ushbu joylarda huquqbuzarliklarning ko‘p qayd etilayotgani kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Akademiya boshlig‘i mazkur hududni ko‘zdan kechirib, mutasaddilar va fuqarolar bilan suhbatlashdi. Aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, yo‘llarda sun’iy tirbandliklarning oldini olish, yashirin daromadlarga chek qo‘yish, hududlarni kameralashtirish, jamoat tartibini saqlashda qo‘shimcha kuch-vositalardan foydalanish zarurligini qayd etdi.

“Xavfsiz muhit yaratish aholining huquqiy madaniyatiga ham bog‘liq. Shu bois, targ‘ibotlar orqali jinoyatchilikka murosasiz munosabatni shakllantirish, namunali amaliyot eng avvalo yurtdoshlarimizning osoyishta hayotini ta’minlashga qaratilganini tushuntirishimiz kerak”, dedi akademiya boshlig‘i.

O‘rganishlar davomida mahallalarga jalb qilingan kursantlarga xizmat intizomiga rioya qilish, jamoat tartibini saqlash va jinoyatchilikni jilovlashga mas’uliyat bilan yondashish, amaliy ko‘nikmalarni shakllantirib borish borasida tavsiyalar berildi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech