Poytaxtimizda xavfsiz muhitni yaratish borasida keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur yo‘nalishdagi ishlar Shayxontohur tumani mahallalarida ham o‘z samarasini ko‘rsatmoqda. Ayniqsa kriminogen omillarni bartaraf etishda ilmiy jihatdan yondashilayotgani tizim samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tumanning “Bo‘ston”, “Ibn Sino”, “Shodlik”, “Taxtapul”, “O‘rda”, “Chaqar”, “Qoratosh”, “Chorsu” kabi 13 ta mahallasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasiga biriktirilgan. Professor-o‘qituvchilar va magistratura tinglovchilari mazkur mahallalarda manzilli o‘rganishlarni olib borib, “yettilik” a’zolari, faollar bilan birgalikda mavjud muammolarni bataraf etish choralarini ko‘rishmoqda.
Xususan, ishchi guruh tomonidan mahallalarda so‘nggi uch yil mobaynida sodir qilingan 258 ta jinoyat tahlil qilindi. Kriminogen xavfi yuqori bo‘lgan 87 ta “jinoyat o‘chog‘i”, 51 ta ovloq joy aniqlandi. Jinoyatchilik omillariga barham berish maqsadida 89 ta taklif va tavsiya ishlab chiqildi.
Choraklik “yo‘l xarita”lar ijrosi doirasida joylarga 131 ta kamera, 209 ta tungi chiroq, 237 ta tashvish tugmasi o‘rnatilib, 53 ta obyektning texnik qo‘riqlovga olinishi ta’minlandi. Mahallalarda ijtimoiy-maishiy muammosi bor 561 nafar, ijtimoiy profilaktika obyekti bo‘lgan 688 nafar shaxs aniqlanib, “mahalla yettiligi”ga yo‘naltirildi.
Kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillarni bartaraf etish va xavfsizlik choralarini kuchaytirish borasida tegishli korxona, tashkilot hamda muassasalarga 26 ta taqdimnoma kiritildi.
Faollarni jalb qilgan holda 34 ta “Mahalla targ‘ibotchisi guruhi” shakllantirilib, joylarda 5 mingdan ziyod aholi ishtirokida 17 marotaba targ‘ibot tadbirlari tashkil qilindi.
Bundan tashqari, aholi bandligini ta’minlash maqsadida mehnat yarmarkalari tashkil etilib, 27 nafar shaxs ishga joylashtirildi, yana 5 nafari esa kasbga yo‘naltirildi. Nizoli va ajrim yoqasidagi oilalarda ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Bugungi kunda har bir mahalla, uy, xonadondagi muammolar e’tibor markazida. Fuqarolar tomonidan kelib tushayotgan murojaatlar o‘z vaqtida qabul qilinib, qonun doirasida ko‘rib chiqilmoqda. Ko‘chalar, xiyobonlar, uylar, savdo majmualari va boshqa aholi gavjum joylarga qo‘shimcha kuch-vositalarning yo‘naltirilgani osoyishtalikni mustahkam qaror toptirishga xizmat qilmoqda.
Ishchi guruh rahbari, podpolkovnik Umid Qodirovning aytishicha, chinakam xavfsiz muhit xalqimizning roziligida namoyon bo‘ladi. Manzilli o‘rganishlar davomida ayni jihat natijadorlikka erishishning ustuvor mezoni etib belgilangan.
IIV akademiyasi Axborot xizmati