Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari Bahriddin Valiyev boshchiligidagi idoralararo ishchi guruh Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘rganishlar olib bormoqda.
Ishchi guruh vakillari Prezidentimizning joriy yil 5-yanvardagi mahallalarda xavfsiz muhit yaratish va jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasi samaradorligini yanada oshirish to‘g‘risidagi qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida Nukus shahridagi “Turon” mahallasida bo‘ldi.
Mazkur mahalla uch yildan buyon “qizil” toifada qolayotgan hudud sifatida IIV akademiyasiga biriktirilgan. Ishchi guruh tomonidan mahallada xavfsiz muhit yaratish va kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillarni ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida bartaraf etishga qaratilgan izchil chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Shu kuni mutasaddi rahbarlar, “mahalla yettiligi” tizimi xodimlari, akademiya professor-o‘qituvchilari ishtirokida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatchilikni kamaytirish va ijtimoiy profilaktika yo‘nalishida qilinayotgan ishlar muhokama qilindi. Mas’ullarga profilaktika ishlarini tizimli tashkil etish, huquqbuzarlik sodir etish ehtimoli yuqori bo‘lgan shaxslarni aniqlash va ular bilan manzilli ishlash mexanizmlarini takomillashtirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi.
O‘rganishlar davomida akademiya vakillari tomonidan ijobiy tajribalar taqdimot qilindi. Oila-turmush doirasidagi jinoyatlarning barvaqt oldini olish maqsadida ishlab chiqilgan “Nizoli oilani o‘rganish pasporti” namunaviy amaliyotini boshqa mahallalarga ham tatbiq qilish borasida tavsiyalar berildi. Hududlarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, aholining huquqiy ongini oshirish, profilaktik tadbirlarni muntazam davom ettirish zarurligi ta’kidlandi
Shuningdek ta’lim muassasasiga biriktirilgan mahallalarda ijtimoiy profilaktika subyektlari va huquq-tartibot idoralari xodimlarining kasbiy malakasini oshirish maqsadida sayyor o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish, jinoyatlarning oldini olishda zamonaviy usul va vositalardan samarali foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati