Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Prezidentimiz qarori – amalda

29 Yanvar 2026, 21:26

58

IIV akademiyasida kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda xavfsiz muhit yaratish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Hududlarga biriktirilgan mas’ullar va professor-o‘qituvchilar ishtirok etgan yig‘ilishda Prezidentimizning joriy yil 5-yanvardagi mahallalarda xavfsiz muhit yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlashga qaratilgan qarori ijrosi muhokama qilindi.

Ta’kidlash joizki, mazkur qaror mahalla jinoyatchiligining barvaqt oldini olish bo‘yicha boshlangan ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. 2025-yilda akademiya professor-o‘qituvchilari jalb qilingan 273 ta “qizil” toifadagi mahallaning 122 tasi “sariq” toifaga o‘tgan bo‘lsa, 116 tasida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi. Bundan tashqari, ta’lim muassasasiga bevosita biriktirilgan 21 ta mahallada kriminogen vaziyat barqarorlashtirilib, “sariq” toifaga o‘tkazildi. E’tiborlisi, mazkur mahallalar besh yildan buyon “qizil” toifada edi.

Akademiya boshlig‘i ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida hududlarga joriy qilingan ilg‘or tajribalar ijobiy samara berganini qayd etdi. Davlatimiz rahbarining joriy yilgi qarori faoliyatni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishi, eng muhimi, har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq vazifa va mexanizmlar belgilab berilgani mazkur mahallalarni jinoyatdan xoli hududga aylantirish orqali aholini rozi qilishga yo‘naltirilganini alohida ta’kidladi.

Yig‘ilishda qaror ijrosi yuzasidan ta’lim muassasasiga biriktirilgan mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Ishchi guruhlar rahbarlarining kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillarni ilmiy yondashuvlar asosida o‘rganish natijalari yuzasidan axboroti tinglandi.

Aytish joizki, qarorda ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirish orqali jinoyatchilikni keskin kamaytirish, oila-turmush doirasidagi hamda ayollar va yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarning barvaqt oldini olish, murojaatlar bilan ishlashni samarali yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Hududlarni o‘rganish jarayonida mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yangicha mexanizmlar asosida tashkil qilish, bu borada “mahalla yettiligi” xodimlariga uslubiy yordam ko‘rsatish, ularning tajribasini oshirib borish zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, akademiya boshlig‘i kuni kecha Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishiga ham to‘xtalib o‘tdi. Mazkur yig‘ilishda poytaxtimiz Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab berilgani, akademiya jamoasi oldida mahallalarning kriminogen vaziyatini o‘rganish, jinoyatchilikni jilovlashga ilmiy yondashuvni keng tatbiq qilish borasida dolzarb vazifalar turgani aytib o‘tildi.

Yig‘ilish so‘nggida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha topshiriqlar berilib, ijroga qaratildi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech