Prezidentimiz qarori bilan mahallalarda xavfsiz muhit yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar jinoyatchilikning barvaqt oldini olishda muhim omil bo‘lmoqda.
Bu boradagi ishlar Buxoro viloyatining Qorovulbozor, Olot, Qorako‘l, Jondor, Shofirkon, G‘ijduvon, Romitan va boshqa tumanlaridagi “qizil” mahallalarda ham izchil davom ettirilmoqda.
Mazkur mahallalarga biriktirilgan IIV akademiyasi professor-o‘qituvchilari joylardagi mas’ullar va “mahalla yettiligi” vakillari bilan birgalikda muammolarni manzilli o‘rganib, xavfsiz muhit yaratish choralarini ko‘rishmoqda.
O‘rganishlar davomida mahallalarda 71 ta “jinoyat o‘chog‘i” qayd etildi. Aholi bilan muloqot natijasida 20 ga yaqin ijtimoiy-maishiy muammolar aniqlandi. Ijtimoiy profilaktika doirasida 31 nafar shaxs “mahalla yettiligi”ga yo‘naltirildi.
Bundan tashqari, hududlarga 110 ta zamonaviy kamera, 59 ta tashvish tugmasi o‘rnatildi. Jinoyat sodir etilishi mumkin bo‘lgan ovloq joylar, ko‘chalar va istirohat bog‘larida alohida patrullik yo‘nalishlari tashkil etildi. Mahallalarda targ‘ibotchi guruhlar tuzilib, ular tomonidan muntazam tadbirlar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi.
Ilmiy-amaliy o‘rganishlar davomida har bir mahallaning o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqqan holda takliflar ishlab chiqilib, “yo‘l xarita”larga kiritildi.
Hozirda hududlar bo‘yicha yaratilgan tajribalar, kriminogen omillarga barham beruvchi samarali mexanizmlarni amaliyotga tatbiq qilish borasida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Shulardan biri Buxoro davlat universiteti misolida yaratilgan “Xavfsiz ta’lim” tajribasi bo‘lib, mazkur yondashuv ijtimoiy profilaktikani kuchaytirish, talabalar o‘rtasida ma’muriy huquqbuzarlik omillarini aniqlash va ularni raqamli monitoring qilish imkonini bermoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz rahbarining qarori mahallalarga osoyishtalik va farovonlik olib kirayotgani bilan birga, aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilish, yurtdoshlarimizning muammolarini hal qilish, ularni rozi qilishda dasturulamal bo‘layotir.
IIV akademiyasi Axborot xizmati