Har bir ota-ona farzandining o‘qimishli bo‘lishi, yaxshi kasb egalashini istaydi. Biroq oramizda siz-u bizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtiruvchi nopok kimsalar ham bor. Ular firibgarlardir!
IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi ta’lim muassasalari bo‘yicha bo‘limi tomonidan joylardagi akademik litseylarda o‘tkazilayotgan uchrashuvlar ana shunday holatlarning oldini olishga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Buxoro va Navoiy viloyatlarida bo‘lib o‘tgan tadbirlarda o‘qituvchi-murabbiylar, bitiruvchi o‘quvchilar bilan birga, ularning ota-onalari ham qatnashdi. So‘zga chiqqanlar oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari oldidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan firibgarliklardan yig‘ilganlarni ogoh etdilar.
Abituriyentlar uchun muhim sinovlar davrida o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qiluvchi kimsalar ko‘payishi, bunday paytda har bir yurtdoshimiz huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamda ichki ishlar organlari shaxsiy xavfsizlik bo‘linmalariga murojaat qilib, huquqbuzarlikning barvaqt oldini olishga o‘z hissasini qo‘shishi, qing‘ir ish oxir-oqibat tashvish bilan yakunlanishi ta’kidlab o‘tildi.
Uchrashuvlar yakunida yig‘ilganlarga huquqiy targ‘ibot materiallari tarqatildi, ota-onalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati