IIV akademiyasida ichki ishlar organlari uchun kadrlar tayyorlashning bugungi holati, mavjud muammolar va kelgusidagi vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Ta’lim muassasasi boshlig‘i Rustam Xatamov tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda IIV tasarrufidagi ixtisoslashtirilgan maktab internati va akademik litseylar direktorlari, ularning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari, shuningdek akademiyadan fakultet va kafedralar rahbarlari qatnashdi.
Yig‘ilishda kadrlar tayyorlashning bugungi dolzarb talablari, bu borada o‘quv muassasalarida amalga oshirilayotgan ishlar, ta’lim-tarbiya jarayonlari sifati, o‘quvchi yoshlarning bilim darajasi, pedagog kadrlar salohiyati, o‘quv dasturlari va adabiyotlarining zamonaviy standartlarga muvofiqligi hamda boshqa masalalar tanqidiy muhokama qilindi.
Akademiya boshlig‘i akademik litseylar bitiruvchilarining kunduzgi ta’limga qabul jarayonida qayd etgan natijalari, o‘qish davomida fanlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari, xizmat intizomini buzish bilan bog‘liq salbiy holatlar, amaliyotda yosh xodimlar duch kelayotgan muammolarni aniq raqamlar va hududlar kesimida tahlil qildi.
Ayrim litseylarda huquqshunoslik va kasbiy fanlarni o‘qitishda tizimli yondashuvning mavjud emasligi, jismoniy-jangovar tayyorgarlikning talab darajasida tashkil etilmayotgani, mashg‘ulotlar jarayonida zamonaviy metodlar va o‘quv qo‘llanmalaridan foydanilmayotgani aytib o‘tildi.
“Biz ta’limga mustahkam poydevor qo‘ysak, shunda natijaga erishamiz. Buning uchun o‘quvchilarimizni yoshlikdan boshlab yuksak bilimli, ma’nan va jismonan sog‘lom, kasbiga sadoqatli, fidoyi, vatanparvar shaxs sifatida tarbiyalab borishimiz kerak”, – dedi akademiya boshlig‘i.
Yig‘ilishda ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘quv va metodik hamkorlikni yanada takomillashtirish, o‘qituvchilarning bilim darajasi va pedagogik mahoratini muntazam oshirib borish, mashg‘ulotlarni yangicha metodlar asosida tashkil qilish, iqtidorli yoshlar bilan individual ishlashni yo‘lga qo‘yish, ularga kasbiy bilim, jangovar-jismoniy ko‘nikmalar, zamonaviy axborot texnologiyalari va xorijiy tillarni mukammal o‘rgatish, vatanparvarlik tarbiyasini kuchaytirish, bu borada joylardagi turdosh o‘quv muassasalaridagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish zarurligi qayd etildi.
Shu kuni o‘quv maskanlari rahbarlarining takliflari ham tinglandi. Hududlarda ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmas vazifa va chora-tadbirlar belgilab olindi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati