Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutida yoshlar o‘rtasida kiberjinoyatlarning barvaqt oldini olishga bag‘ishlangan profilaktik tadbir o‘tkazildi.
Unda institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilar va talabalar, hududiy profilaktika inspektorlari hamda boshqalar ishtirok etdi.
Uchrashuvda IIV akademiyasi magistraturasi tinglovchisi, podpolkovnik Bekzod Avazmetov axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar, ularning zamonaviy ko‘rinishlari, ushbu turdagi jinoyatlarni fosh etish maqsadida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, qonunchilikda belgilangan javobgarlik masalalari haqida ma’ruza qildi.
Yoshlar tomonidan axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilayotgan huquqbuzarliklarni aniq misollar yordamida tahlil qilgan holda ularning barvaqt oldini olishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan mexanizmlarni tushuntirdi.
Shu kuni huquqbuzarlik sodir etishga moyil talabalar bilan profilaktik suhbat ham o‘tkazilib, ularga huquqiy tavsiya va maslahatlar berildi. Ushbu toifadagi yoshlarni sog‘lom hayotga qaytarish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Muloqot tarzida o‘tgan tadbir yig‘ilganlarning huquqiy ongi va kibermadaniyatini yuksaltirish, ayniqsa talaba yoshlarni internet makonidagi xavf-xatar va mafkuraviy tahdidlardan ogoh etishga xizmat qildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati