Poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazi boy tariximiz va zamonaviy taraqqiyotimizni namoyon etuvchi ulug‘vor maskandir.
Ushbu markaz dunyoning eng go‘zal muzeylari qatoridan o‘rin olgani bejiz emas. Majmuada saqlanayotgan bebaho durdonalar nainki yurtdoshlarimiz, balki O‘zbekistonga kelayotgan xorijiy mehmonlarda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Yoshlar kuni munosabati bilan Ichki ishlar vazirligi akademiyasining bir guruh professor-o‘qituvchilari va kursantlari markazga sayohat qilib, bu yerdagi eksponatlar bilan yaqindan tanishdilar.
Sayohat chog‘ida uch ming yillik tariximiz mobaynida yurtimiz hududida shakllangan sivilizatsiyalar, buyuk ajdodlarimizning jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi, asrlar qa’ridan o‘tib kelayotgan milliy madaniy merosimiz haqida ma’lumot berildi. Markazda yo‘lga qo‘yilgan raqamli va interaktiv texnologiyalar yoshlarda shonli tariximizni zamonaviy yondashuvlar bilan hamohang ravishda o‘rganishga xizmat qildi.
Zero, tarixiy tafakkur milliy o‘zlikni anglashga, yoshlarni umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga, ularning vatanparvarlik ruhini yuksaltirishga turtki beradi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati