Yoshlar ta’lim-tarbiyasida ustoz-shogirdlik an’analarining beqiyos o‘rni bor.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasida o‘tkazilgan “Uch avlod uchrashuvi” kursantlar uchun hayotiy va kasbiy maslahatlarga boy o‘tgan tadbir bo‘lib xizmat qildi. Xorijiy kadrlar bilan ishlash fakulteti tashabbusi bilan tashkil etilgan uchrashuvga boy ilmiy-amaliy tajribaga ega Axtam Tursunov va Hasan Sarabekov taklif qilindi.
Soha faxriylari ko‘p yillik mehnat faoliyatlari misolida, yosh avlod vakillariga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatdilar. Hayotda shaxs sifatida shakllanish, muvaffaqiyatlarga erishish, maqsadlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish, vaqtdan unumli foydalanish sirlari haqida so‘zlab berdilar. Shu bilan birga, har bir ichki ishlar organi xodimining asosiy fazilatlari bo‘lmish halollik, fidoyilik, vatanparvarlik, burchga sodiqlik, matonat va mas’uliyat tushunchalarining ahamiyatini tushuntirib o‘tdilar.
Samimiy muloqot yoshlarni maqsadi sari to‘g‘ri yo‘naltirish, ular qalbida tanlagan kasbiga bo‘lgan muhabbat va sadoqatni oshirish, eng muhimi, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni puxta o‘zlashtirishga da’vat etgani bilan muhim ahamiyat kasb etdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati