IIV akademiyasida o‘quvchilar, mahalla faollari va ichki ishlar tizimi faxriylari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.
Tadbir oldidan mehmonlar – poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Alisher Navoiy” va “Shukur Burhonov” mahallalari hamda 208-son umumta’lim maktabi vakillari akademiya hayoti bilan yaqindan tanishdilar. Ularga o‘quv muassasasining faoliyati, maskanda yo‘lga qo‘yilgan ta’lim jarayonlari, kursantlar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar haqida so‘zlab berildi.
Axborot-resurs markazining keng imkoniyatlari, nazariy va amaliy mashg‘ulotlarda qo‘llanilayotgan ilg‘or yondashuvlar, yoshlarning vatanparvarlik ruhi va kasbiy fazilatlarini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Shundan so‘ng ma’naviyat va ma’rifat markazida “Vatanga mehr va sadoqat – oliy burchimiz!” mavzuida uchrashuv o‘tkazildi. Unda iste’fodagi faxriylar Tohir Mullajonov, Sulaymon Valiyev va boshqalar so‘zga chiqdi. Ular kitob o‘qish, kasb egallash, el-yurtga daxldorlik bilan yashash, Vatan tinchligi va ravnaqi uchun xizmat qilish, jamiyatga naf keltirish kabi inson umrining ma’naviy mezonlari haqida so‘z yuritdilar. O‘quvchilarga yoshlik onlarini behuda o‘tkazmay, kelajak maqsadlar sari intilish, davlatimizning yuksak ishonchini munosib oqlash yuzasidan tavsiyalar berdilar.
Shu kuni mehmonlar akademiyadagi yangilanishlarga oid videorolikni tomosha qilib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati