Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Vazifalar ijrosi natijadorlikka bog‘liq

10 Fevral 2026, 20:05

51

Poytaxtimizning Mirobod tumanida xavfsiz muhit yaratishga qaratilgan keng qamrovli ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Mazkur faoliyatni ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida tashkil etish maqsadida tuman mahallalariga IIV akademiyasi professor-o‘qituvchilari va magistratura tinglovchilari ham biriktirilgan. Ular tomonidan kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillar o‘rganilib, mavjud muammolarning yechimiga qaratilgan taklif va tavsiyalar amaliyotga tatbiq qilinmoqda.

Ishchi guruh rahbari, polkovnik Bahrom Saidovning aytishicha, davlatimiz rahbari tomonidan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan dolzarb vazifalar ijrosini ta’minlash natijadorlikka bog‘liq. Shu bois, hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar kunlik tahlil qilinib, tegishli chora-tadbirlar belgilab olinmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, o‘rganishlar davomida mahallalarda 20 ta “jinoyat o‘chog‘i” aniqlangan. Ijtimoiy profilaktika doirasida huquqbuzarlik sodir etishi yoki undan jabrlanishi mumkin bo‘lgan 39 nafar shaxs “mahalla yettiligi”ga nomma-nom biriktirilgan. Mahallalarning birinchi chorak uchun mo‘ljallangan rejalari tahlil qilinib, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan taklif va tavsiya kiritilgan.

Xavfsiz muhit yaratishda fuqaroning huquqiy madaniyatini oshirish ijobiy samara berishini inobatga olgan holda Mahalla targ‘ibotchisi guruhlari shakllantirilib, aholi o‘rtasida targ‘ibot tadbirlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, yoshlar o‘rtasida sog‘lom ma’naviy muhitni qaror toptirish va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish maqsadida ta’lim maskanlarida profilaktik uchrashuvlar o‘tkazilyapti.

Aytish joizki, mahallalarni jinoyatda xoli hududga aylantirishda dual ta’lim tizimi bo‘yicha amaliyotga jalb qilingan kursantlar ham faol ishtirok etishmoqda. Ular aholi muammolari va murojaatlarini o‘rganish, ijtimoiy profilaktika obyektlarini aniqlash, fuqarolar bilan profilaktik tadbirlar o‘tkazish, protsessual hujjatlarni rasmiylashtirish, jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va boshqa yo‘nalishlarda murabbiylariga ko‘maklashib, amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlab kelishyapti.

Ko‘rinib turibdiki, poytaxtimizda xavfsiz muhitni shakllantirish borasidagi ishlar bugun eng ustuvor vazifaga aylangan. Bunda mas’ul rahbarlardan “mahalla yettiligi” tizimi vakillarigacha mas’uliyatni birdek his etayotgani tizim samaradorligini oshirishi, shubhasiz.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech