IIV akademiyasiga Vengriya milliy tergov byurosi direktori o‘rinbosari David Norbert boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Tashrif avvalida mehmonlar akademiya faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Delegatsiya a’zolariga o‘quv dargohining tarixi, rivojlanish bosqichlari, keyingi yillarda amalga oshirilgan ulkan yangilanishlar haqida ma’lumot berildi.
Xorijlik mehmonlar diqqatga sazovor joylarni ko‘zdan kechirib, kadrlar tayyorlashda qo‘llanilayotgan ilg‘or yondashuvlar, yaratilgan zamonaviy sharoitlar, akademiyaning keng qamrovli faoliyati va istiqbolli salohiyatiga yuqori baho berdilar.
Shundan so‘ng delagesiya a’zolarini o‘quv dargohi boshlig‘i Rustam Xatamov qabul qildi. Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar asosida ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Bugungi kunda ikki tomonlama aloqalar barcha yo‘nalishlar qatori, huquqni muhofaza qilish tizimida ham kengayib borayotgani, bunda davlatlararo va idoralararo erishilgan muhim kelishuvlar mustahkam huquqiy asos bo‘layotgani ta’kidlandi. Mazkur tashrif hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash va amalga oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.
“Barchamizga ma’lumki, O‘zbekiston va Vengriyani nafaqat do‘stona aloqalar, balki tarixiy yaqinlik bog‘lab turadi. Ikki mamlakat rahbarlarining amaliy sa’y-harakati bilan keyingi yillarda munosabatlarimiz yuksak darajaga ko‘tarildi. Sizlar bilan o‘tayotgan samimiy uchrashuv buning amaliy ifodasidir”, - dedi akademiya boshlig‘i.
O‘z o‘rnida, delegatsiya rahbari David Norbert ikki turkiy davlat o‘rtasidagi qardoshlik rishtalarini alohida qadrlashi, amaliy tashrif ko‘p qirrali hamkorlikka yangicha sur’at bag‘ishlashini mamnuniyat bilan e’tirof etdi.
Uchrashuvda huquqni muhofaza qiluvchi orrganlar uchun kadrlar tayyorlashda o‘zaro tajriba almashish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, global xavf-xatarlar va transmilliy jinoyatlarga qarshi kurashishda ilg‘or yondashuvlarni amaliyotga tatbiq qilish, hamkorlikning huquqiy asoslarini mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar ilgari surilgan tashabbuslar bo‘yicha yakdil fikrda ekanliklarini ta’kidlagan holda aloqalarni barqaror rivojlantirishga kelishib oldilar.
Aytish joizki, tashrif doirasida vengriyalik mutaxassislar tomonidan mamlakatimiz ichki ishlar organlarining tergov va axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘linmalari xodimlari, akademiya professor-o‘qituvchilari va kursantlari uchun “kiberjinoyatlarga qarshi kurashish va raqamli kriminalistika” yo‘nalishida o‘quv mashg‘ulotlari ham tashkil qilinmoqda.
IIV akademiyasi Axborot xizmati