Poytaxtimizning Mirobod tumanida qirqqa yaqin mahalla bor. O‘tgan yil yakunlari bo‘yicha ulardan 4 tasi “qizil”, qolganlari “sariq” va “yashil”toifaga kiritilgan.
Tahlillarga ko‘ra, mahallalarda o‘g‘irlik, firibgarlik, talonchilik, bezorilik ko‘p qayd etilgan. Ushbu jinoyatlar turli toifadagi shaxslar tomonidan sodir qilingan. Shu bois, hozirda mahallalarni jinoyatdan xoli hududga aylantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
“Poytaxt namunasi” asosida xavfsiz muhit yaratishga IIV akademiyasi professor-o‘qituvchilari va magistraturasi tinglovchilari ham jalb qilingan. Ishchi guruh vakillari kriminogen omillarni ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida bartaraf etishda yaqindan yordam berishmoqda.
O‘rganishlar davomida mahallalarda sodir etilayotgan jinoyatlar tahlil qilindi. Hududlarning kriminogen vaziyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan 201 ta “jinoyat o‘chog‘i” aniqlandi. Choraklik “yo‘l xarita”lari muhokama qilinib, qo‘shimcha 350 dan ortiq taklif va tavsiyalar kiritildi.
“Mahalla yettiligi” bilan birgalikda 4500 dan ziyod xonadonning o‘rganilgani natijasida 465 nafar ijtimoiy profilaktika obyekti aniqlanib, tizim xodimlariga biriktirildi. Shu bilan birga, alohida toifadagi 619 nafar shaxsning ijtimoiy-maishiy muammosini hal qilish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Joylarda o‘tkazilgan huquqiy targ‘ibotlarda 20 mingga yaqin aholi qamrab olindi. Fuqarolarning uyali aloqa vositalariga “Mening inspektorim” mobil ilovasi o‘rnatilib, profilaktika inspektori bilan doimiy muloqot o‘rnatishi ta’minlandi. Bundan tashqari, tegishli korxona, tashkilot va muassasalarga 100 dan ortiq taqdimnoma kiritilib, ularning ijrosi nazoratga olindi.
Xavfsizlik choralarini kuchaytirish maqsadida hududlarga zamonaviy kameralar, tashfish tugmalari, tungi chiroqlar o‘rnatilib, huquqbuzarliklar qayd etilishi mumkin bo‘lgan joylarga qo‘shimcha patrullik guruhlari yo‘naltirildi.
Eng muhimi, kriminogen omillarni barvaqt aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar natijasida tumandagi 25 ta mahallada joriy yilning o‘tgan davri mobaynida birorta ham jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Xavfsiz muhit yaratishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
IIV akademiyasi Axborot xizmati