IIV akademiyasi boshlig‘i “poytaxt namunasi” asosida Chilonzor tumani mahallalarida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
O‘rganishlar “Tirsakobod” mahallasidan boshlandi. Mas’ullar va “mahalla yettiligi” xodimlari bilan bo‘lgan yig‘ilishda jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikni jilovlash, aholi muammolarini o‘rganish, murojaatlar bilan ishlash borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Ma’lum bo‘lishicha, mahallada transport vositalaridan o‘g‘irlik jinoyatlari ko‘p qayd etilgan. Bunga ayrim hududlarning kameralashtirilmagani, fuqarolarning o‘z mol-mulkini qarovsiz qoldirayotgani sabab bo‘lmoqda. Yig‘ilishda “jinoyat o‘choq”lari va ovloq joylarga qo‘shimcha kuch-vositalarni yo‘naltirish, hududlarga qo‘shimcha zamonaviy kameralar o‘rtanish, profilaktik tadbirlarni kuchaytirish zarurligi aytib o‘tildi.
Bundan tashqari, “xavf guruhi”dagi shaxslar bilan manzilli ishlash, oilalardagi maishiy muammolarni o‘rganish, yoshlar jinoyatchiligining barvaqt oldini olish borasida topshiriqlar berildi.
Ishchi guruhning keyingi manzili “Xirmontepa” mahallasi bo‘ldi. Mas’ullarning qayd etishicha, mahalla hududida 2 ta “jinoyat o‘chog‘i” aniqlanib, ular bo‘yicha alohida chora-tadbirlar belgilab olingan. Aholi xavfsizligini ta’minlash va sodir qilingan huquqbuzarlik to‘g‘risida zudlik bilan xabar topish maqsadida hududlarga 4 ta tashvish tugmasi o‘rnatilgan. Patrul-post xizmati va akademiya kursantlaridan iborat qo‘shimcha patrullik yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yilgan.
Akademiya boshlig‘i birinchi chorak uchun mo‘ljallangan “yo‘l xarita”lar va ularning ijrosi bilan tanishdi. Mahallada xizmat olib borayotgan profilaktika inspektori bilan muloqot qilib, kriminogen vaziyatga katta ta’sir ko‘rsatayotgan omillarni muhokama qildi.
Hududda ijara shartnomasi asosida turuvchi shaxslar ko‘pligi, ular o‘rtasida nizoli holatlar qayd etib turilayotgani, manzilli o‘rganishlar chog‘ida ushbu toifadagi fuqarolar ro‘yxatini shakllantirib, ular bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazish, xonadon egalarining mas’uliyatini oshirish kerakligi aytib o‘tildi.
Shu kuni ishchi guruh vakillari aholi gavjum joylarni ham ko‘zdan kechirdi. Akademiya boshlig‘i jinoyat sodir etilishi mumkin bo‘lgan nuqtalarda xavfsizlik choralarini kuchaytirish, huquqiy targ‘ibot tadbirlarini jadallashtirish yuzasidan vazifalarni belgilab berdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati