Istiqbolli boshqaruv kadrlari barcha sohalar, shu jumladan, ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligining asosiy mezoni sanaladi.
Bu borada IIV akademiyasida magistraturaning tashkil qilingani tizim uchun zamonaviy rahbar kadrlarni tayyorlashda ayni muddao bo‘lmoqda.
Endilikda magistraturada o‘qish istagida bo‘lgan nomzodlar uchun yangicha tizim yo‘lga qo‘yilmoqda. Unga ko‘ra, hududiy ichki ishlar organlarida dastlabki imtihonlar o‘tkazilib, eng munosib kadrlar joylarning o‘zida saralab olinmoqda.
Magistratura boshlig‘i Bahrom Saidovning aytishicha, mazkur yondashuvdan ko‘zlangan maqsad islohotlar talabiga mos boshqaruv kadrlarini tayyorlash jarayonlarini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishdir.
Hududlarda o‘tkazilayotgan imtihonlar ikki bosqichda – test sinovi va suhbat tarzida amalga oshirilmoqda. Bunda nomzodlarning bilim salohiyati, ma’naviy dunyoqarashi, islohotlar jarayoniga daxldorligi, kasbiy fazilatlari, boshqaruv qobiliyati va boshqa muhim jihatlarga alohida e’tibor qaratilyapti.
Sinovlar Ichki ishlar vazirligi vakillari, akademiyaning tajribali professor-o‘qituvchilari hamda joylardagi rahbarlardan iborat komissiyalar tomonidan qabul qilinmoqda. Mas’ullarning ta’kidlashicha, ushbu bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar “iedu.akadmvd.uz” platformasi yordamida o‘qishga kirish imtihonlariga tayyorlab boriladi.
Aytish joizki, shu kungacha Namangan, Andijon, Farg‘ona viloyatlarida o‘tkazilgan imtihonlar bosqichma-bosqich barcha hududlarda ham tashkil qilinadi. Bu esa istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirish va ularni tizimli ravishda rahbarlikka tayyorlashga xizmat qiladi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati