Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Yoshlar – mamlakatimizning ulkan salohiyati

12 Mart 2026, 22:46

48

Yurtimizda yoshlar qatlami vakillari bilan manzilli ishlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Yoshlar kuni munosabati bilan IIV akademiyasida o‘tkazilgan tadbirga Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi mutasaddilari, mahalla faollari va yoshlar yetakchilari taklif etildi. Mas’ullar umumta’lim maktablari o‘quvchilari, Ichki ishlar vazirligi akademik litseyi hamda akademiyada ta’lim olayotgan faol yoshlar bilan muloqot qilib, ularning takliflarini tingladilar.

Uchrashuv avvalida akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov so‘z olib, muhtaram Prezidentimiz rahbarligida yoshlar siyosati doirasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarga to‘xtaldi. Bilimli, shijoatli, vatanparvar yoshlar Yangi O‘zbekistonning mustahkam tayanchiga aylanib borayotganini alohida qayd etdi.

Tadbirda yoshlar muammolarini hal qilish, ularning ijtimoiy siyosiy faolligini oshirish, ezgu tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish, yosh avlodni axborot xurujlari va ma’naviyatimizga yot illatlar ta’siridan asrash, ular o‘rtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish masalalari xususida so‘z bordi.

Yoshlar avlod vakillari so‘zga chiqib, kelgusi rejalari, qiziqish va maqsadlari bilan o‘rtoqlashdi. Ular tomonidan bildirilgan masalalar yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.

Muloqot yakunida yoshlarimiz juda katta iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuch ekani, shiddat bilan o‘zgarayotgan hozirgi davr ular oldiga dolzarb talablar qo‘yayotgani, davlatimizning ulkan e’tibor va g‘amxo‘rligiga javoban yoshlar zamonaviy bilimlar, ilm-fan yutuqlari, xorijiy tillarni mukammal egallab, mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan kadr bo‘lib yetishishi zarurligi aytib o‘tildi.

Akademiya boshlig‘i yoshlarni Vatanga sodiq, yuksak daxldor, fidoyi va tashabbuskor bo‘lishga chorlab, ijobiy fazilatlari bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan o‘quvchilarni eng sara asarlar bilan rag‘batlantirdi.

“Hayot akademiyasi” filmining namoyishi ichki ishlar organi xodimi bo‘lish, yurt tinchligi yo‘lida sharaf bilan xizmat qilishni maqsad qilgan yoshlarga katta motivatsiya berdi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech