IIV akademiyasida “Yoshlar o‘rtasida giyohvandlikning oldini olish va millat genofondini asrash – dolzarb masala” mavzuida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Videokoferensaloqa shaklida o‘tkazilgan tadbirda parlament a’zolari, soha mutaxassislari, olimlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, qator oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda yoshlarni giyohvandlikdan asrash borasidagi chora-tadbirlarning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish, profilaktik ishlar samaradorligini oshirish, amaliyotga ilmiy-uslubiy yondashuvlarni keng tatbiq qilish masalalar qizg‘in muhokama qilindi.
Mutaxassislarning “Giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi uchun javobgarlikni kuchaytirish”, “Giyohvandlikning millat genofondiga salbiy ta’sirining oldini olish”, “Narkojinoyatchilikning kriminologik determinantlari: ijtimoiy-demografik tahlil”, “Giyohvandlik vositalarining transchegaraviy noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish” hamda boshqa dolzarb mavzudagi chiqishlari tinglandi.
Muhokamalar jarayonida narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish, yoshlarning giyohvandlik vositalari hamda psixotrop moddalarga qarshi immunitetni kuchaytirish, huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, ularni sog‘lom hayot tarziga keng jalb etish, bu boradagi tizim samaradorligini oshirishga qaratilgan mulohazalar bildirilib, qator taklif va tavsiyalar ilgari surildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati