Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Yoshlarda kibergigiyenani shakllantirish zarur

30 Yanvar 2026, 22:08

73

Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar yildan-yilga ko‘paymoqda. Shu bois, kibermakonda shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish hozirgi sharoitda tobora murakkablashib bormoqda.

Kuni kecha Prezidentimiz raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ham kiberjinoyatlar turlari oshayotgani, ayniqsa shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash, sun’iy intellekt orqali ovoz va yuz qiyofasini o‘xshatish, zararli fayllarni tarqatish avj olayotgani ta’kidlab o‘tildi.

IIV akademiyasi tashabbusi bilan Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida tashkil etilgan huquqiy targ‘ibot tadbiri yoshlar o‘rtasida kiberjinoyatlarning barvaqt oldini olishga bag‘ishlandi. Talabalar, tyutorlar, professor-o‘qituvchilar va boshqa mas’ullar ishtirok etgan tadbir avvalida universitetning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Komila Karimova uchrashuvning dolzarb ahamiyatiga to‘xtaldi.

Ta’kidlab o‘tilganidek, so‘nggi besh yilda yurtimizda kiberjinoyatlar soni 68 barobarga ko‘paygan. 2025-yilning o‘zida axborot texnologiyalari yordamida o‘g‘rilik, firibgarlik va boshqa turdagi jinoyatlarni sodir etish bilan bog‘liq 70 mingdan ortiq holat qayd etilgan. Eng achinarlisi, kiberjinoyatga qo‘l urganlarning salkam 30 foizi yoshlarni tashkil qiladi. Shuning o‘ziyoq, ushbu jinoyatlarga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, aholi, ayniqsa yoshlarning raqamli savodxonligi va kibergigiyenasini yuksaltirishni taqozo etmoqda.

Tadbirda akademiya magistraturasi tinglovchisi, podpolkovnik Azimjon Xoliqov so‘z olib, axborot texnologiyalari yordamida sodir etilayotgan jinoyatlar, ularning o‘ziga xos xususiyatlari, ushbu turdagi jinoyatlarning ko‘payishiga imkon yaratayotgan omillar, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish va ularni fosh etish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, ayni paytda qonunchilikda belgilangan javobgarlik masalalari haqida ma’ruza qildi.

Targ‘ibot davomida yoshlar o‘rtasida ommalashayotgan illatlar –onlayn qimor o‘yinlari, kibertovlamachilik, internet tarmoqlari orqali sodir qilinayotgan narkojinoyatlarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Bu kabi qonunga xilof xatti-harakatlarning huquqiy va ijtimoiy-ma’naviy oqibatlari tushuntirilib, talabalar ogohlikka chaqirildi. Aksariyat jinoyatlar huquqiy madaniyatsizlik, loqaydlik, oson daromad orttirish, nazoratsizlik, nosog‘lom muhit ta’sirida sodir etilishi, yoshlar qatlami bilan manzilli ishlash orqali ular o‘rtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish muhimligi qayd etildi.

Shu kuni universitetda ta’lim olayotgan profilaktik hisobda turuvchi talabalar bilan suhbat o‘tkazilib, tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.

Jamshid XOLOV,

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech