IIV akademiyasida Sirtqi ta’lim fakulteti tinglovchilarining bitiruv marosimiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda ta’lim muassasasi rahbariyati va professor-o‘qituvchilari, Milliy gvardiya qo‘mondonligi, Bojxona qo‘mitasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida davlat madhiyamiz yangradi. Akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov so‘z olib, muhtaram Prezidentimiz rahbarligida xalqimiz manfaatlari yo‘lida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga to‘xtaldi.
Inson qadrini ulug‘lash, odamlarni rozi qilish, xalqimizning osoyishta va farovon hayotini ta’minlash barcha davlat organlari faoliyatining asosiy mezoni ekanligi, jamiyatimizda kechayotgan yangilanishlar yuksak daxldorlik va mas’uliyat hissi bilan yashashga da’vat etayotgani ta’kidlandi.
Tadbirda mahallalarda xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ilchil islohotlar ham alohida qayd etildi. Hududlarning kriminogen vaziyati bilan bog‘liq muammolarni hal qilish bo‘yicha samarali tizimning yo‘lga qo‘yilgani ijobiy natija berayotgani aytildi.
Akademiya boshlig‘i bitiruvchilar oldida turgan dolzarb vazifalarga to‘xtalib, yig‘ilganlarni qizg‘in muborakbod etdi. Shundan so‘ng o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga “yurist” malakasini beruvchi dimlomlar tantanali ravishda topshirildi.
Tadbirda, shuningdek hamkor huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar vakillari ham so‘z olib, akademiyada yo‘lga qo‘yilgan zamonaviy ta’lim jarayonlari, yuqori malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan ilg‘or yondashuvlar, ulkan o‘zgarishlarni e’tirof etdilar.
– Safdoshlarim nomidan, avvalo, ta’lim bergan ustozlarimga samimiy minnatdorlik bildiraman. O‘quv dargohida olgan bilim va ko‘nikmalarimiz kelgusi faoliyatimizda mustahkam tayanch bo‘lishi, shubhasiz. Mutaxassislik diplomini qo‘lga olarkanman, ona Vatanimiz va xalqimiz oldidagi mas’uliyat yanada ortganini his qildim, – dedi Shahnoza Sheraliyeva.
Tadbir badiiy havaskorlik jamoalari tomonidan ijro qilingan “Vatan posbonlari” qo‘shig‘i bilan yakunlandi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati