Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

IIV AKADEMIYASI MAGISTRATURASIGA QABUL E’LON QILINADI

IIV AKADEMIYASI MAGISTRATURASIGA QABUL E’LON QILINADI

IIV akademiyasi 2024/2025 o‘quv yili uchun magistraturaning “tashkiliy-strategik boshqaruv”, “tashkiliy-taktik boshqaruv” hamda “ilmiy-pedagogik faoliyat” mutaxassisliklari bo‘yicha qabul e’lon qiladi.

Magistraturaning “tashkiliy-strategik boshqaruv” mutaxassisligi bo‘yicha o‘qish istagidagi nomzodlar bakalavr darajasi yoki diplomli mutaxassis malakasi hamda qonunchilik hujjatlariga muvofiq “tashkiliy-taktik boshqaruv” mutaxassisligi diplomiga tenglashtirilgan (muqaddam faoliyat ko‘rsatgan magistratura, Oliy akademik kurslar hamda Rahbar kadrlarni tayyorlash fakultetini tamomlagan) diplom, shuningdek, “podpolkovnik” maxsus unvoniga ega bo‘lishi lozim.

“Tashkiliy-strategik boshqaruv” mutaxassisligiga oxirgi bir yil davomida quyidagi lavozimlardan birini egallab kelayotgan nomzodlarning hujjatlari qabul qilinadi:

IIV markaziy apparati hamda vazirlikka bevosita bo‘ysunuvchi tarkibiy tuzilmalar bo‘yicha – bo‘lim boshlig‘i, unga tenglashtirilgan va undan yuqori bo‘lgan boshqa lavozimdagi xodimlar;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV, Toshkent shahar va Toshkent viloyati IIBBlari, viloyatlar IIBlari apparatlari bo‘yicha – boshqarma boshlig‘i, unga tenglashtirilgan va undan yuqori bo‘lgan boshqa lavozimdagi xodimlar;

tuman, shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmalari, ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limlari) bo‘yicha – ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmalari, ichki ishlar boshqarmasi (bo‘limi) boshliqlari;

Jazoni ijro etish muassasalari boshliqlari.

Magistraturaning “tashkiliy-taktik boshqaruv” mutaxassisligi bo‘yicha o‘qish istagidagi nomzodlar bakalavr darajasi yoki diplomli mutaxassis malakasi, shuningdek, “mayor” maxsus unvoniga ega bo‘lishi kerak.

“Tashkiliy-taktik boshqaruv” mutaxassisligiga oxirgi bir yil davomida quyidagi lavozimlardan birini egallab kelayotgan nomzodlarning hujjatlari qabul qilinadi:

Ichki ishlar vazirligi markaziy apparati va vazirlikka bevosita bo‘ysunuvchi tarkibiy tuzilmalar bo‘yicha – bosh mutaxassis, muhim topshiriqlar bo‘yicha inspektor, yetakchi yuriskonsult, bosh ekspert, o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tergovchi (tezkor vakil), bosh inspektor, ularga tenglashtirilgan va ulardan yuqori bo‘lgan boshqa lavozimdagi xodimlar;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV, Toshkent shahar va Toshkent viloyati IIBBlari, viloyatlar IIBlarining apparatlari bo‘yicha – bo‘linma boshlig‘i, unga tenglashtirilgan va undan yuqori bo‘lgan boshqa lavozimdagi xodimlar;

tuman, shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmalari va ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limlari) bo‘yicha – tuman, shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmalari va ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limlari) boshlig‘ining o‘rinbosarlari lavozimidagi xodimlar;

jazoni ijro etish muassasalari bo‘yicha – bo‘lim boshlig‘i, ularga tenglashtirilgan va undan yuqori bo‘lgan boshqa lavozimdagi xodimlar.

Magistraturaning “ilmiy-pedagogik faoliyat” mutaxassisligi bo‘yicha o‘qish istagidagi nomzodlar tayanch oliy yuridik ma’lumot, shuningdek, ikki yillik amaliy xizmat stajiga ega bo‘lishi kerak.

Akademiyaning bakalavriat ta’lim yo‘nalishini imtiyozli diplom bilan tamomlagan bitiruvchilar “ilmiy-pedagogik faoliyat” mutaxassisligiga istisno tariqasida tanlovlarsiz o‘qishga qabul qilinadi.

Magistraturada o‘qish istagidagi nomzodlarning hujjatlari elektron tartibda qabul qilinadi. Bunda nomzod magistr.akadmvd.uz manziliga zarur ma’lumotlarni kiritadi va IIV Akademiyasi boshlig‘i nomiga yozilgan bildirgining imzolangan elektron nusxasini ushbu manzilga yuboradi. Bildirgi qabul qilingandan so‘ng IIV Akademiyasi qabul komissiyasi tomonidan nomzodga bildirishnoma yuboriladi.

Magistraturaga o‘qishga qabul qilish nomzodlar uchun teng huquqlilik, qabulning yagona qoidalari va tanlov prinsiplari asosida quyidagi bosqichlarda tashkil etiladi:

1) hujjatlarni to‘plash va o‘rganish;

2) maxsus kasbiy tanlov (yozma ish hamda nomzodlarning kompetensiyalarini diagnostika qilish);

3) yakuniy suhbat.

Nomzodlarning hujjatlari 2024-yilning 1-aprelidan 1-iyuniga qadar qabul qilinadi.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi IIV Moliyaviy va moddiy-texnik ta’minot departamenti, Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi, Idoraviy hamkorlik bosh boshqarmasi boshqarmalari, axborot texnologiyalarni joriy etish bo‘linmalari, Xalqaro hamkorlik boshqarmasi, Tibbiyot boshqarmasi, Jamoatchilik va OAV bilan hamkorlik boshqarmasi, Harbiy-safarbarlik boshqarmasi, Nazorat-taftish inspeksiyasi, Interpolning O‘zbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi xodimlari ichki ishlar organlari rahbar tarkibining tegishli lavozimlariga tayinlanishi uchun magistraturaning “tashkiliy-taktik boshqaruv” va “tashkiliy-strategik boshqaruv” mutaxassisliklarida o‘qishi talab etilmaydi.

IIV akademiyasi Qabul komissiyasi

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech