2025-yilning 23-oktyabr kuni IIV akademiyasida “Yuridik fan va huquqiy ta’lim rivojlanishining zamonaviy tendensiyalari” mavzuiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladi.
Gibrid formatda o‘tadigan konferensiyada dolzarb mavzuni mahalliy va xorijiy mutaxassislar ishtirokida atroflicha muhokama qilish, mavjud muammolarning yechimlariga qaratilgan muhim taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish, shuningdek konferensiya yakunlari bo‘yicha to‘plam chop etish rejalashtirilgan.
Konferensiya materiallari to‘plami uchun quyidagi dolzarb masalalar yoritilgan ilmiy maqola va tezislar qabul qilinadi:
huquqiy ta’lim, yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning ilmiy asoslari, uslubiyati va zamonaviy yo‘nalishlari;
huquq va yuridik fanlar metodologiyasi, ilmiy tadqiqot natijalarini huquqni muhofaza qilish faoliyatiga joriy etishning uslubiy jihatlari;
jinoyatchilikka qarshi kurashish va jamoat xavfsizligini ilmiy (ilmiy-metodik) ta’minlash;
kriminologik va jinoyat pedagogikasi;
huquqiy ong, jamiyatning huquqiy madaniyati;
shuningdek, huquqni muhofaza qilish organlaridagi ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasiga oid boshqa sohalar.
Maqola va tezislarga qo‘yilgan talablar:
- matn o‘zbek, rus yoki ingliz tilida, 5–10 betlar atrofida bo‘lishi;
- tahrirdan o‘tkazilgan holda manba va adabiyotlar aniq ko‘rsatilgan bo‘lishi;
- MS Word dasturi, “Times New Roman” shrifti, 14 kegel kattalik va 1,5 intervalda yozilgan, yuqori va pastdan 2 sm, chap va o‘ngdan 2,5 sm joy qoldirilgan holda bo‘lishi;
- muallif o‘zi haqidagi ma’lumotlarni (familiyasi, ismi, otasining ismi, lavozimi, ilmiy unvoni va darajasi, etektron pochta manzili) bayon etishi hamda 3x4 sm hajmdagi fotosuratini yuborishi zarur.
Maqola va tezislar joriy yilning 20-oktyabr sanasiga qadar akaddevon@exat.uz elektron manzili orqali qabul qilinadi. Tahrir hay’ati tomonidan ma’qullangan materiallar to‘plamga joylashtiriladi. Ularning mazmuni uchun mualliflar javobgar sanaladi.
E’lon yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot olish uchun (90) 919-37-29 mobil telefon raqamiga murojaat qilishingiz mumkin.
Ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish bo‘limi