Ayni kunlarda IIV akademiyasida “Abituriyent – 2025” imtihonlari bo‘lib o‘tmoqda.
Kunduzgi ta’lim bakalavriatida o‘qish istagida bo‘lgan abituriyentlar maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi yakuniy suhbat orqali saralab olinmoqda.
Maxsus kasbiy tanlovda har bir nomzodning salomatlik holati, bayon yoki insho yozish qobiliyati, umumjismoniy tayyorgarligi, chet tillarini bilish darajasi baholanayotgan bo‘lsa, yakka tartibdagi yakuniy suhbat huquqshunoslik, O‘zbekiston tarixi va tarbiya fanlaridan o‘tkazilmoqda. Buning uchun nomzod dastlabki bosqichda yetarli ballarni to‘plashi va shundagina yakka tartibdagi yakuniy suhbatda qatnashishi mumkin.
Imtihonlarning adolatli va shaffof o‘tishini ta’minlash maqsadida abiturientlar ishtirok etayotgan har bir jarayon onlayn vaqt rejimida videotasvirga tushirilmoqda. Maxsus kasbiy tanlov hamda yakka tartibdagi yakuniy suhbatdan so‘ng ular to‘plagan ballar e’lon qilib borilmoqda. Bundan tashqari, abituriyentlarning ota-onalari va yaqinlari uchun “akadmvd.uz” rasmiy veb-sayti orqali natijalarni kuzatib borish imkoniyati yaratilgan.
Aytish joizki, 2025/2026 o‘quv yilida akademiya kunduzgi ta’lim bakalavriatiga “tezkor-qidiruv faoliyati”, “huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati”, “ekspert-kriminalistika faoliyati”, “jazoni ijro etish faoliyati”, “xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash”, “tashkiliy-shtab faoliyati”, “probatsiya faoliyati” hamda “raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” yo‘nalishlari bo‘yicha nomzodlar o‘qishga qabul qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, imtihonlar joriy yilning 14-iyuliga qadar davom etadi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati