IIV akademiyasida ta’lim olayotgan qo‘shni mamlakat vakillari poytaxtimizning Samarqand darvoza ko‘chasidagi Abdulla Qodiriy uy-muzeyiga bordilar.
“Ma’naviyat marshruti” yoshlarni qardosh xalqlar adabiyoti bilan yaqindan tanishtirish, umuminsoniy qadriyatlar ruhida kamol toptirish, millatlararo do‘stlik va madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida tashkil qilindi.
Tadbir davomida kursantlarga milliy adabiyotimizning yetuk namoyandasi, o‘zbek romanchiligi asoschisi, atoqli adib Abdulla Qodiriyning hayoti va ijodi haqida so‘zlab berildi. Yozuvchi asarlarining o‘z davri va bugungi kundagi ahamiyati, jahon adabiyot maydonida tutgan o‘rni haqida qimmatli ma’lumotlar ulashildi.
Yoshlar muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan obod go‘shaga aylantirilgan ushbu xonadondagi diqqatga sazovor joylarni, har bir eksponatni maroq bilan tomosha qilib, ma’rifatparvar adib yashagan davrga sayohat qildilar. Ayniqsa Abdulla Qodiriyning ilk ijod namunalari nashr etilgan gazeta va jurnallar, turli yillarga oid tarixiy fotosuratlar ularda ulkan taassurot qoldirdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati