Magistratura tinglovchilari uchun mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil qilindi.
Tadbirda Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov tizimdagi yangilanishlarning ustuvor yo‘nalishlari va pirovard maqsadlariga to‘xtalib, tinglovchilar bilan ochiq muloqot qildi.
* * *
Kriminalistik ekspertizalar kafedrasi tomonidan tashkil qilingan “Muloqot” klubiga Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasidan tajribali xodimlar taklif etildi.
Amaliy mashg‘ulot tarzida o‘tgan tadbirda kursantlar o‘lim bilan yakunlangan holatlarda hodisa joyini ko‘zdan kechirish tartibi, bajariladigan protsessual harakatlar, ichki ishlar organlari amaliyotida ekspert-kriminalistlar duch kelgan murakkab vaziyatlar, nostandart paytda to‘g‘ri qaror qilish usullari haqida kasbiy ko‘nikmalarini oshirdilar.
* * *
Jinoyat-protsessual huquqi kafedrasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan davra suhbati tergov sudyasi institutiga bag‘ishlandi.
Kursantlar va professor-o‘qituvchilar qatnashgan tadbirda Harbiy sud sudyasi Alisher Sattorov mazkur yangi institutning ahamiyati, maqsadi va vazifalari, bu borada xalqaro tajribaning ilg‘or jihatlari, shuningdek, milliy sud-huquq tizimida yechimini kutayotgan ayrim masalalarga to‘xtaldi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati