IIV akademiyasida sirtqi ta’lim tinglovchilarining bitiruv marosimiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida o‘quv dargohi boshlig‘i Rustam Xatamov so‘z olib, ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning dolzarb ahamiyatiga to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda ichki ishlar organlarining qiyofasi tubdan o‘zgardi. Soha xodimlarining faoliyati bevosita aholi muammolarini hal qilishga, mahallalarda xavfsiz va osoyishta muhitni qaror toptirishga yo‘naltirildi. Hududlarda yangi tajribalar joriy qilinib, jinoyatchilikni jilovlashning samarali tizimlari yaratildi.
Akademiya boshlig‘i barcha sohalarda bo‘lgani kabi ichki ishlar tizimida ham yuksak malakali, zamonaviy fikrlaydigan, o‘z kasbiga, Vatanimiz va xalqimizga sodiq kadrlar islohotlar taqdirini belgilab berishini alohida qayd etdi. Ana shu maqsadda akademiyadagi ta’lim jarayonlari isloh qilinib, ilg‘or yondashuvlar keng tatbiq etib kelinayotganini ta’kidladi.
“O‘qish davrida olgan bilim va ko‘nikmalaringiz behuda ketmasligi kerak. Zero, bugungi murakkab sharoitda eskicha dunyoqarash bilan ishlab bo‘lmaydi. Mamlakatimizda kechayotgan o‘zgarishlar barchamizdan yuksak vatanparvarlik, halollik, tashabbuskorlik, shaxsiy javobgarlik fazilatlarini namoyon etishni talab qilmoqda”, - dedi o‘quv dargohi boshlig‘i.
Shundan so‘ng bitiruvlarga “yurist” malakasini beruvchi bakalavr dimlomlari tantanali ravishda topshirildi. O‘qish davrida safdoshlariga o‘rnak bo‘lgan tinglovchilar akademiya faxriy yorliqlarini qabul qilib oldilar.
Bitiruvchilar nomidan so‘zga chiqqan Mahmudjon Qutlimuratov va Zarnigor Aliverdiyeva ta’lim bergan ustozlari mehnatini e’tirof etib, davlatimiz, xalqimiz va Prezidentimiz bildirgan ishonchni yuksak mas’uliyat bilan oqlashga va’da berdilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati